Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 20 iyun kuni Buxoro viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.
Uchrashuvni nomzodning Buxoro viloyati bo‘yicha ishonchli vakili Samoydin Husenov ochdi.
Ishonchli vakil keyingi yillarda Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Buxoro viloyatida amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari, yirik ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar, ularning odamlar turmushi farovonligini yaxshilashdagi ahamiyati haqida to‘xtaldi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qildi.
Nomzod dastlab aholiga qulay turmush sharoiti yaratishga oid rejalari haqida to‘xtaldi.
Jumladan, kelgusi yetti yilda:
– 1,5 mingdan ziyod ko‘p qavatli uylar qurilib, 60 ming oila shinam uy-joyga ega bo‘ladi;
– viloyatda 7 ming kilometr yo‘llar, jumladan, 3,5 ming kilometr ichki yo‘llar va 300 dan ziyod ko‘priklar ta’mirlanadi;
– 1 million 200 ming aholining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida 5 ming kilometr yangi tarmoq va 84 ta suv inshooti barpo etiladi. Natijada Buxoroda markazlashgan ichimlik suvi bo‘yicha qamrov 77 foizdan 95 foizga yetkaziladi;
– tuman va shahar markazlarida 1 ming 200 kilometr kanalizatsiya tarmoqlari va 150 ta oqova suv tozalash inshootlari quriladi. Shu orqali 600 mingdan ziyod aholi ilk bor kanalizatsiya xizmatiga ulanib, viloyatda qamrov darajasi hozirgi 9 foizdan 40 foizga oshiriladi;
– mahallalarda 10 ming kilometr elektr tarmoqlari qurilib, 1 mingta transformator yangilanadi.
Buxoroda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha qilinadigan ishlar bo‘yicha ma’lumot berildi.
– 2030 yilga qadar mahallalarda 50 ta yangi oilaviy poliklinika va shifokor punkti qurilib, 200 tasi to‘liq ta’mirlanadi. Murakkab operatsiyaga muhtoj, tug‘ma yurak nuqsoni bor 1 ming nafardan ortiq bolalarni davlat hisobidan davolash tashkil etiladi. Bu ishlarga Buxoro uchun yiliga 30 milliard so‘mdan ajratamiz.
Shuningdek, Buxoroda Xalqaro xalq tabobati markazi va Farmatsevtika klasteri tashkil qilinadi. Buning uchun 50 million dollar investitsiya jalb qilamiz, – dedi nomzod.
Buxoro viloyatida Birlashgan Arab Amirliklari va Saudiya Arabistonidagi investorlar bilan hamkorlikda 2 ta shamol va 3 ta quyosh elektr stansiyasini barpo etish rejalashtirilgani aytildi.
– Ularda yiliga 10 milliard kilovatt soat yoki viloyat ehtiyojidan ikki marta ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Umuman, kelgusi yetti yilda umumiy qiymati 17 milliard dollarlik 8 mingta sanoat loyihalari amalga oshiriladi va 120 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Nomzod ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlarga alohida to‘xtaldi.
– Yana bir masala – ekologiyani asrash va maishiy chiqindilar bilan ishlash bo‘yicha Buxoro tajribasini yaratamiz. Kelgusi yetti yilda viloyatdagi 15 ta qattiq maishiy chiqindi poligoni yopilib, 6 tasi modernizatsiya qilinadi. Viloyatga 200 ta zamonaviy chiqindi tashish texnikasi xarid qilinadi, har bir mahallada chiqindi yig‘ish shoxobchalari quriladi. Cho‘l hududlardagi qum ko‘chishining oldini olish maqsadida 20 million tup saksovul va boshqa buta ko‘chatlari ekiladi. Umuman, Buxoro viloyatini birinchilar qatorida “ekologik toza, chiqindisiz hudud”ga aylantirish bo‘yicha katta harakatni boshlasak, o‘ylaymanki, buni butun viloyat ahli qo‘llab-quvvatlaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Uchrashuvda mamlakatimizda maktab infratuzilmasini yaxshilash, ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar haqida ham ma’lumot berildi.
– 2030 yilga qadar yangi maktablar barpo etish va bor quvvatlarni oshirish hisobiga qo‘shimcha 2,5 million o‘quvchi o‘rni yaratishni reja qilganmiz (hozirda 5,2 million o‘quvchi o‘rni mavjud). Bunda joriy yilda “Yiliga 500 ming o‘quvchi o‘rni” dasturini boshlaymiz. Buning uchun yangi – Maktab infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etamiz va unga har yili 1 milliard dollardan mablag‘ ajratamiz.
Mazkur Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 170 ta yangi maktab quriladi, 3 ming 210 tasi rekonstruksiya qilinadi. Natijada qo‘shimcha 1 million 400 ming o‘quvchi o‘rni yaratiladi, – dedi nomzod.
Shavkat Mirziyoyev xususiy ta’limni rivojlantirishga oid rejalari haqida ham ma’lumot berdi.
– Xususiy maktablarga 1-sinfga borgan bolaning ota-onasiga bir yil davomida maktab uchun oylik to‘lovining 450 ming so‘mi kompensatsiya qilinadi. Tadbirkorlarga xususiy maktab tashkil etish uchun olinadigan kreditning 14 foizdan ortgan qismi qoplab beriladi.
Xususiy maktablarda muallimlar uchun talablar davlat maktablari bilan bir xil bo‘ladi. Shu orqali maktablarda o‘quvchilar soni 35 nafardan ko‘p bo‘lgan birorta sinf qolmaydi (hozir 37 mingta bunday sinf bor).
Umuman, hozirgi vaqtda xususiy maktablarda mavjud 85 ming o‘quvchi o‘rnini 2030 yilga qadar kamida 400 mingtaga yetkazish bo‘yicha barcha sharoitni yaratib beramiz, – dedi nomzod.
Uchrashuvda yana bir muhim tashabbus haqida ma’lum qilindi. Ya’ni, 2030 yilga qadar barcha maktablarda Prezident maktablari o‘quv dasturi va metodikalari joriy qilinadi.
– Jumladan, yuqori sinfda aniq va tabiiy fanlar hamda chet tillarini chuqurroq o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. Kelgusi yetti yilda barcha maktablarga “til egalari” bo‘lgan o‘qituvchilarni olib kelamiz. Buning uchun har yili 200 milliard so‘m ajratiladi. Pedagogika oliygohlarining o‘quv dasturlari ham Prezident maktablaridagi o‘qitish va baholash uslublariga moslashtiriladi, – dedi nomzod.
Ilg‘or texnologiyalarni biladigan, dars berish va o‘quvchilar bilimini baholashda yangicha yondashadigan muallimlar qo‘llab-quvvatlanadi.
– Endi muallimlarning nafaqat bilimi, balki malaka va mahoratini ham baholab, malaka sertifikatini berish tizimi joriy etiladi. Malaka sertifikatini olgan o‘qituvchiga 70 foiz qo‘shimcha haq to‘lanadi (hozirda eng yuqori ustama 40 foiz). Umuman, kelgusi yetti yilda muallimlarning oylik maoshi ikki karra oshiriladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Nomzod pedagoglarni qo‘llab-quvvatlashga oid rejalari haqida ham so‘zlab berdi. Jumladan:
– Muallimlarning mashaqqatli mehnatini munosib rag‘batlantirish maqsadida ularning ko‘p yillik ish staji uchun ilk bor ustama haqi to‘lash tizimi joriy etiladi.
Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining haftalik yuklamasi 18 soatdan 16 soatga, yuqori sinf o‘qituvchilariniki 20 soatdan 18 soatga tushiriladi.
Bu orqali to‘liq stavkada ishlamayotgan jami 150 ming nafar muallimning oyligi o‘rtacha 30 foizga oshiriladi.
O‘qituvchilarga har yili sihatgohlarda sog‘lig‘ini tiklashi uchun imtiyozli yo‘llanmalar beriladi. Shuningdek, har yili 1 ming nafar muallim stajirovka o‘tash uchun xorijga yuboriladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Uchrashuvda partiya vakillari so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi va boshqalarni ham shunga da’vat etdi.
Ziyodulla JONIBEKOV, O‘zA