Yoshi ulug‘larimiz sog‘lom hayot kechirishda yoki farzandlarining salomatligi bilan bog‘liq muammolarda, avvalo, tabiiy o‘zlashtirgan tabobat usullaridan foydalanishga urinishgan.
Yurtimizda barcha sohalar kabi sog‘liqni saqlash tizimi, tibbiyot va tabobatni isloh qilish borasida ko‘plab samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 10 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida xalq tabobatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori fuqarolarni sog‘lom hayot tarziga jalb qilish, turmush sifatini yaxshilash, nogironlik va surunkali kasalliklarni kamaytirish hamda umrni uzaytirishga qaratilgan sababchi omillardan biri bo‘lmoqda.
Darhaqiqat, insonlar salomatligini ta’minlash, surunkali kasalliklar profilaktikasi va ularni davolashda xavfsizlik hamda samaradorlik jihatdan amalda sinalgan xalq tabobati muhim o‘rin tutadi.
O‘zA muxbiri xalq tabobati mutaxassislarining sog‘lom hayot kechirish, navqiron yashash va uzoq umr ko‘rish borasidagi tavsiya va takliflariga qiziqdi.
Alijon Zohidiy, tabobat fanlari doktori, Yevropa tabiiy fanlar akademiyasi akademigi:
– Umrni uzaytirish, yoshlik va go‘zallikni imkon qadar uzoq muddat saqlab qolish muammolari qadimdan mavjud bo‘lgan. Yosh o‘tishi bilan insonning qariy boshlashi tabiiy biologik jarayondir. Insondagi yosh bilan bog‘liq o‘zgarishlar jismoniy faollikni cheklaydi, tashqi ko‘rinishda qarilik belgilari namoyon bo‘la boradi. Rivojlangan mamlakatlarda insonning keksalik davri 75 yoshdan so‘ng boshlanishi qayd etilgan bo‘lsada, shayxur rais Ibn Sino keksalikning chegarasi 59 yoshdan deb baholagan.
Insonning qarish sur’ati va individual xosligi, har bitta odamda nasliy omillar va atrof-muhitning ta’siri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, davlatimiz rahbarining dasturlaridan alohida o‘rin olgan. Bu jarayon, shartli ravishda, o‘z vaqtida, ya’ni jismoniy va vaqtidan oldin qariy boshlash turlariga bo‘linadi. Jismoniy qarish holatida inson eng nuroniy yoshigacha ham amaliy sog‘lomligini saqlay oladi, u o‘zini eplaydi tashqi yordamga ortiqcha ehtiyoj sezmaydi, atrof-muhitga bo‘lgan qiziqishini va ijtimoiy faoliyatini so‘ndirmaydi. Vaqtidan oldin qarish jarayoni esa keksalik belgilarining erta namoyon bo‘la borishi bilan belgilanadi. Organizmning biron sabab bilan to‘satdan kuchli zo‘riqishi, tartibli jarayonning buzilishi, salbiy odatlar, masalan, ichkilikbozlik, kashandalik kabi sabablar qarish jarayonini sezilarli tezlatadi.
Irsiy omillar ham bu jarayonda juda katta ahamiyatga ega. Ajdodlari uzoq umr ko‘rgan insonlarda ham nuroniy keksa bo‘lish imkoniyati saqlanib qoladi. Yoshning sekin-astalik bilan oldinga siljiy boshlashi natijasida inson organizmidagi qarish jarayoni o‘zining sezilarli o‘zgarishlarini, a’zolar faoliyatining sustlashib borishida namoyon qiladi. Jismoniy keksayish yosh bilan bog‘liq belgilar – yurak, qon-tomir va asab tizimidagi o‘zgarishlar bilan kechadi. Qariyalar va keksaya boshlagan insonlarning yurak urishi tezligi pastlashib boradi. Katta jismoniy zo‘riqishlar bilan bog‘liq bo‘lgan yurak qisqarishining to‘satdan tezlashib ketishi, yurak muskullarida qon aylanishining yetishmasligi og‘ir asoratlarga olib kelishi mumkin. Shu bilan birga, chaqaloqlik, bolalik, yoshlik, o‘rta yoshda qanday bo‘lganidan qat’i nazar, 60 yoshdan boshlab mijoz quruqshab, sovib boraveradi, shu bois keksalar sovuqqa chidamsiz va badanda suv kamayib qurishish hisobiga tana vazni yengillashib, terisi bujmayadi.
Yosh bilan bog‘liq o‘zgarishlar asab tizimining yomonlashuviga, xotiraning yaqin hodisalarga unutuvchanligiga, ruhiy charchoq va sababsiz xafagarchiliklarning paydo bo‘lishiga olib keladi. Ayni damdagi rangdor va yorqin hodisalarga nisbatan befarqlik yuzaga chiqib, “o‘tgan kunlarga qochish” sindromi birinchi planga o‘tib oladi. Ular asosiy vaqtlarini “xotiralar mamlakatida” yashab o‘tqazadilar yoki xayollarini mudom sog‘liqlari bilan bog‘liq muammolar, o‘zlaridagi kasalliklar sababli tushkun kayfiyatlar band qilib qo‘yadi. Ammo ba’zi paytlarda yuqoridagi holatlarning butkul teskarisini ham ko‘rish mumkin, ya’ni keksalik muammolarini umuman tan olmaydilar, balki o‘z g‘ayratlari va harakatchanliklari bilan ba’zi yoshlarga o‘rnak ham bo‘la oladilar.
Qutbiddin Nizomov, Respublika Sog‘liqni saqlash a’lochisi, Turon Xalq yozuvchisi:
– Inson organizmining qarish jarayoni va hayotining asosan ikkinchi yarmida avj olishi mumkin bo‘lgan surunkali xastaliklar orasida bog‘liqlik ham bor. Keksa yoshli insonlar orasida keng tarqalgan ateroskleroz xastaligi, yurakda qon ta’minotining yetishmasligi, yurak muskullarining siqilishi yoki infarkt-miokardi, bosh miyaning qon bilan qiyin ta’minlanishi va yana boshqa a’zolarning faoliyati buzilishi bilan bog‘liq. Keksa yoshlilarda qon bosimining balandligi ham ko‘p kuzatiladi va bu ham ateroskleroz xastaligining darakchisiga o‘xshaydi. Keksalarda yana ko‘p uchraydigan xastaliklar sirasiga qandli diabet, osteoxondroz, radikulit, bo‘g‘imlar bilan bog‘liq kasalliklar ham kiradi. Keksayganda paydo bo‘ladigan aqliy zaiflik – Alsgeymer kasalligi 60 yoshdan o‘tib, har olti nafardan bittasida uchraydi. Ovqatlanishda mo‘’tadillikni yo‘lga qo‘yish va semirib ketishdan saqlanish, yuqorida sanab o‘tilgan kasalliklardan har qanday yoshdagi insonlarni, shu jumladan, keksalarni ham bir muncha himoya qila oladi.
Keksa yoshdagi insonlarning kimyoviy dori-darmonlar bilan davolanishida, o‘ta ehtiyotkorlik va e’tibor talab qilinadi. O‘zbilarmonlik bilan davolanish yomon oqibatlarga olib kelishi mumkinligini unutmaslik kerak.
Keksa insonlarning ko‘pchiligi uyqu me’yori buzilganidan shikoyat qiladi. Yosh o‘tishi bilan kechki uyquga bo‘lgan talab ham susayadi va 5-8 soatlik o‘ta sergak uyqudan ortig‘iga cho‘zilmaydi. Uyqusizlik xastaligini iloji boricha kimyoviy dorilarsiz tartibga solishga harakat qilgan ma’qul. Harakatlardagi faollikni oshirish, uyqudan oldingi orombaxsh sayr, kechki ovqatning uyqudan 3-4 soat oldin, achchiq choy va qahvasiz qilish, yotoqxonadagi haroratning 18-20 gradusdan oshmasligi va tushib ketmasligi, uyqu paytida umurtqa pog‘onasining qulay joylashishini ta’minlovchi to‘shak – bularning barchasi, ayniqsa, keksa yoshdagi insonlarning xayrli dam olishlariga yordam beruvchi qoidalardir. Keksa yoshdagi insonlarda uchraydigan yana bir muammo – ichaklarning o‘z vaqtida bo‘shalish tartibining buzilishi. Ularda qabziyatni ovqatlanish me’yorining buzilishi, achchiq mahsulotlarga tobelik holatlari keltirib chiqaradi. Shuningdek, kam harakatlilik, suyuqlikni yetarli miqdorda ichmaslik, kimyoviy dorilar qabul qilish ham qabziyatga sabab bo‘ladi.
Insonning turmush tarzi, ish faoliyati, asab tizimi holati, tashqi va ichki hodisalarga bo‘lgan munosabati qarish jarayoniga yetarlicha ta’sir o‘tkaza oladi. Mehnat va dam olishni to‘g‘ri shakllantirish, to‘g‘ri ovqatlanish, faol harakat, insonlar bilan oliyjanob munosabat, organizmda ijobiy jarayonlarning bardavom bo‘lishiga yordam bera oladi. Mehnat va harakat uzoq umr garovi ekanligini unutmaslik kerak. Hayotga bo‘lgan muhabbatni saqlash, yillar davomida erishilgan yutuqlar, jamoada hurmatli, oilada e’tiborli bo‘lish singari omillar, insonning keksa yoshida ham navqiron ko‘rinishiga sabab bo‘ladi.
Mehri Nuro‘zova, Xalq Tabobati akademiyasi boshqaruv Kengashi raisi, texnika fanlari nomzodi:
– Yengil gimnastika mashqlarini ertalab bajarish, keksa insonlar uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Har bitta organizmning o‘ziga xosligiga qarab, gimnastika mashqlari sekin-asta murakkablasha boradi. Uzoq davom etadigan piyoda sayrlar juda foydali. Sayr chog‘ida gavdani tik tutib, qadamlarni to‘g‘ri tashlab, tekis nafas olishni nazorat qilib turilsa, sayr majburiy emas, balki rohatlanib bajarilsa, bu ayni muddaodir. Toza havodagi jismoniy mehnatlar, bog‘ ishlari, baliq oviga chiqish ham keksalar uchun juda foydali. Issiq kunlarda quyoshning tikka nurlari tagida uzoq vaqt qolish, zo‘riqishga sabab bo‘luvchi jismoniy ishlarni to‘q qoringa birdaniga bajarish mumkin emas. Uzoq masofaga yugurish mashqlari faqatgina, ma’lum tayyorgarlik mashqlaridan so‘nggina tavsiya qilinadi. Harakat faolligi markaziy asab tizimi faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bolalik chog‘lardan rioya qilingan sog‘lom turmush tarzi turli xastaliklarning oldini olibgina qolmay, erta qarishni keltirib chiqaruvchi holatlardan ham asraydi. Sog‘lom keksalik va uzoq umrning tamal toshi hayotning ilk bosqichlaridan boshlab qo‘yiladi.
Shuni ham alohida ta’kidlash juda muhimki, insonlarning yoshligi va maftunkorligini saqlashning eng ahamiyatli omillaridan biri, bu – qalb go‘zalligi hamdir! Yosh va go‘zal ko‘rinishli insonlar yaxshi niyatli, oliyjanob, toza maqsadlar sari intiluvchan, o‘z hayotini boshqalar baxti uchun bag‘ishlay oladigan insonlardir!
Irsiyati pokiza, sog‘lom turmush tarziga rioya qiladigan, o‘rinsiz asabiylashmaydigan, jismoniy, aqliy va ruhiy layoqatni susaytirmaydigan kishilarda salomatlik, yoshlik va go‘zallik uzoq davom etadi.
Abdulaziz Rustamov, O‘zA