Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 6-apreldagi “Baliqchilik tarmog‘ini jadal rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar” to‘g‘risidagi qarori mamlakatimizda baliqchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish, sohaga innovatsion ishlanmalarni samarali joriy etish uchun xizmat qiladi.

Xalqaro press-klubning “Baliqchilik: yetti xazinaning biri yoxud islohotlarning yangi bosqichi” mavzuidagi sessiyasida mazkur qaror mazmun-mohiyati, unda belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar muhokama etildi. Ichki bozorni sifatli va arzon baliq mahsulotlari bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi.

“O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Ruhilla Qurbonov, vyetnamlik investor Guyen Van Zao, baliqchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari rahbarlari O‘zbekistonda baliq ishlab chiqarish hajmini oshirish, aholiga qo‘shimcha daromad ishlash imkonini berishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Bugungi kunda baliq va baliq mahsulotlariga bo‘lgan talab ortib bormoqda. Shu bois, mamlakatimizda baliqchilikka katta ahamiyat qaratilmoqda. Baliq yetishtiruvchi tadbirkorlar ham yaxshi daromad olmoqda.

Mamlakatimizda baliq yetishtirishning ustuvorligi, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlagan holda, aholini baliq tarkibidagi yuqori sifatli oqsillar bilan ta’minlash imkonini beradi. Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekiston uchun baliqni iste’mol qilishning minimal me’yor miqdori bir yilda bir kishi uchun 12 kilogrammni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich dunyo miqyosida 1 kishi uchun 16,6 kilogrammdir.

Prezidentimiz qarori bilan baliqchilik xo‘jaliklariga bir qator imtiyozlar berildi.

“Baliq ishlab chiqaruvchi” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilmoqda. Bundan maqsad baliqchilik xo‘jaliklarini yanada rivojlantirish, nasldor baliq lichinkalari yetishtiruvchi zamonaviy inkubatsion sex faoliyatini tashkil etish, baliq chavoqlarini ishlab chiqarish hajmini oshirish, suv havzalarini modernizatsiya qilish, ozuqa bazasini mustahkamlash, innovatsion va zamonaviy intensiv texnologiyalarni keng joriy qilish, baliqlarni qayta ishlash va baliq mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil etish, ehtiyojdan ortig‘ini eksportga yo‘naltirish kabi chora-tadbirlarni amalga oshirishdir.

Qarorda “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZning faoliyat ko‘rsatish muddati keyinchalik uzaytirish imkoniyati bilan 30 yilni tashkil qilishi, bu davr mobaynida hududda alohida soliq, bojxona va valyuta rejimlari amal qilishi belgilab qo‘yilgan. Baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi balansida bo‘lgan tabiiy suv havzalari doimiy ravishda alohida foydalanish uchun “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasiga berilmoqda. Sohani rivojlantirishga “Ipoteka-bank” ATIB ham jalb etilgan. Bank tomonidan baliqchilik sohasini rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan zamonaviy texnologiyalarni xarid qilishga imtiyozli, ya’ni 5 yil muddatga imtiyozli kreditlar ajratilmoqda.

Bugun mamlakatimizda Rossiya, Vengriya, Vyetnam davlatlari bilan baliq chavoqlarini ishlab chiqarish va yangi ko‘llarda baliq yetishtirish bo‘yicha yirik hamkorlik loyihalari amalga oshirib kelinadi. Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarining tog‘oldi hududlarida forel, osetr kabi turdagi baliqlarni yetishtirish bo‘yicha yaxshi natijalarga erishilgan.

Toshkent davlat agrar universiteti rektori Botirjon Sulaymonov Prezidentimiz qarorida yangi o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarida baliqchilik sohasi yo‘nalishlarida bakalavrlarni tayyorlash bo‘yicha qabul kvotasini kamida ikki baravar oshirish ko‘zda tutilganini qayd etdi. Toshkent davlat agrar universitetida 2018/2019 o‘quv yilidan e’tiboran “Baliqchilik” yo‘nalishi bo‘yicha kamida 6 nafardan iborat magistratura kursi tashkil etilmoqda. Shuningdek, Jizzax viloyatidagi Arnasoy qishloq xo‘jalik va transport, Toshkent viloyatidagi Quyi Chirchiq agro-iqtisodiyot kasb-hunar kollejlarida baliqchilik bo‘yicha kadrlarni qayta o‘qitish kurslari ochiladi.

 

Ulug‘bek Asrorov, O‘zA