Ochiqlikka rioya etish korrupsiyaning oldini olishning zaruriy shartlaridan biridir. Shu bois bu masalaga alohida e’tibor qaratilib, ochiqlik monitoringgi yo‘lga qo‘yilgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi zimmasiga davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash sohasini muvofiqlashtirish va doimiy monitoring qilish yuklatilgan.
Bu borada normativ-huquqiy hujjatlar bilan belgilangan ma’lumotlarni Internet tarmog‘iga joylashtirish (e’lon qilish) bo‘yicha majburiyatlar bajarilishi, ochiqlikka oid qonun hujjatlari ijrosi yuzasidan muntazam o‘rganish o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.
– Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan joriy yilning birinchi choragi davomida ochiqlikka oid qonun hujjatlariga rioya etilishi ko‘rib chiqildi, – deydi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati xodimi Feruza Mirkomilova. – Shu jumladan, ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlarning belgilangan muddatlarda va resurslarda e’lon qilinishi monitoring qilindi.
O‘rganish davomida davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksida faoliyati “qizil” toifada baholangan 27 davlat organi va tashkilotlariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, Jizzax, Sirdaryo va Andijon viloyatlari hokimliklariga, shuningdek, Madaniyat va turizm vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi, “Aloqabank” ATB, “O‘zavtosanoat” AJlarga ochiqlikni ta’minlash sohasida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish hamda xizmat vazifalariga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli intizomiy jazo chorasini qo‘llash to‘g‘risida taqdimnoma kiritildi.
Shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi mansabdor shaxsiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, ko‘rib chiqish uchun sudga yuborildi.
Mazkur yo‘nalishdagi o‘rganishlar boshqa davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida ham davom ettirilmoqda.
N.Abduraimova, O‘zA