Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etishni jadallashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi.
– Mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish, sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda, – dedi Spiker o‘rinbosari, O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi rahbari Xayrullo G‘afforov. — Bugungi kunda Prezidentimiz tomonidan aholi va tadbirkorlik sub’ektlarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash, sohaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilyapti. Sohaning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash maqsadida ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi bilan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatgan jismoniy va yuridik shaxslarga bir qator soliq imtiyozlari belgilanmoqda. Xususan, yuridik shaxslar umumiy quvvati 100 kVtgacha bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari orqali elektr energiyasini ishlab chiqarib umumiy tarmoqqa sotganda foyda solig‘i hamda ular bo‘yicha mol-mulk va yer solig‘ini to‘lashdan ozod etilishi nazarda tutilmoqda. Shuningdek, uy-joyda umumiy quvvati 100 kVtgacha bo‘lgan qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanuvchi jismoniy shaxslar mol-mulk va yer solig‘ini to‘lashdan ozod etilishi belgilanyapti.
Muhokamalarda deputatlar qonun loyihasining dolzarbligini alohida e’tirof etdi.
– Energetika sohasi barcha sohalar bilan bog‘liq, aholini qiziqtirib, o‘ylantirib turgan masaladir, — dedi deputat Umidjon Jabborov. — Bu borada Prezidentimiz tomonidan ham bir necha bor selektor yig‘ilishlari o‘tkazilib, vazifalar belgilab berilgan edi. O‘tgan yilgi blekaut hammamizni hushyor torttirdi. Ushbu qonun loyihasi shu nuqtai nazardan ham muhim. Har bir sohaga ilm bilan yondashish kerak. Energiyani tejash, uning samaradorligini oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish borasida bu juda muhim. Qonunning ahamiyati, dolzarbligini inobatga olgan holda uni tezroq qabul qilish maqsadga muvofiq. Shuningdek, deputatlar qonun loyihasining qabul qilinishi aholi va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, energiya samaradorligini oshirish orqali respublika hududlarida energiya taqchilligini bartaraf etish, investorlar uchun qulay sharoitlar va rag‘batlantirish mexanizmlarini belgilash imkonini berishini ta’kidladi.
Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA