Toshkent shahrida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining o‘n birinchi s’ezdida partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi nomidan delegat sifatida ishtirok etdim.
S’ezdda shu yilning 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida O`zLiDePning ishtiroki va saylovda partiyadan ko‘rsatiladigan nomzod masalasi muhokama qilindi. Mamlakatimizda keyingi yillarda barcha sohalarda amalga oshirilgan islohotlar, yangilanish va o‘zgarishlar xalqimizning g‘ururini, qaddini tik tutishiga, haq-huquqlarini his qilishiga, o‘z fikrini erkin ifoda etishiga olib keldi. Avvalambor, “Inson qadri uchun” tamoyili asosida “Avval inson, keyin – jamiyat va davlat” degan xalqchil g‘oya asosida xalqimizning farovonligini ta’minlashda barcha jabhalarda izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizning yetakchi kuchiga aylanib borayotgan, iqtisodiyotimizning tadbirkorlik sohasini zamonaviy bozor munosabatlari talablaridan kelib chiqib, yanada erkinlashtirish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, tadbirkorlar faoliyati ustidan turli tekshirishlarga moratoriy joriy qilinganligi, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-normalari tubdan soddalashtirilganligi, davlat ishtirokidagi korxonalarni xususiylashtirish, raqobatni qo‘llab-quvvatlash orqali davlatning iqtisodiyotga aralashuvi cheklanganligini alohida qayd etish lozim. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining qoraqalpoq xalqiga bo‘lgan g‘amxo‘rligi va e’tibori natijasida Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham katta yangilanish va o‘zgarishlar amalga oshirildi. Prezidentimizning qo‘llab-quvvatlashi natijasida Qoraqalpog‘istonda 15 trillion so‘m investitsiya hisobidan 5 mingdan ziyod loyiha amalga oshirildi. Tadbirkorlar soni ikki barobar ko‘payib, 45 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi. Shu bilan birga, qulay investitsiyaviy muhit yaratilganligi natijasida mamlakatimizda tadbirkorlar soni ikki million nafarga yetdi, tadbirkorlik sub’ektlarida esa ish bilan band bo‘lganlar soni ham bir necha barobar ortdi. Bularning barchasi davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan tub islohotlar samarasi ekanligini bugun har bir yurtdoshimiz, xalqimiz o‘zining hayotida sezmoqda, anglamoqda. Partiyamizning navbatdagi s’ezdida xam O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib amaldagi Prezident Sh.Mirziyoyev nomzodi delegatlar tomonidan tasdiqlandi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga nomzod Sh.M.Mirziyoyev o‘z dasturining asosiy yo‘nalishlari haqida ma’ruza qildi. Dastur beshta maqsadni qamrab olgan. Saylovoldi dasturi mazmunan mamlakatimizda olib borilayotgan ichki va tashqi siyosatning uzviy davomi bo‘lib, bunda inson qadri, sha’ni, uning haq-huquqlarini amalda ta’minlab beruvchi, har bir insonning bu hayotda sog‘lom bo‘lib, xavfsiz yashab, ta’lim olishi, ishlashi, farovon hayot kechirishi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlardan mamlakatimizning dunyo hamjamiyati oldidagi obro‘si va nufuzini yanada oshirishga, iqtisodiyotimiz va barcha sohalarning rivojlanishiga, qadriyatlarimizning ulug‘lanishiga, mudofaa salohiyatini oshirish kabi muhim vazifalarni o‘z ichiga olgan.
Sag‘indiq Turmanov,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri,
O’zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Kengashi raisi.
O‘zA.