Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov mamlakatimizga tashrif bilan kelgan Koreya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Pak Chin bilan uchrashdi.

Tashqi siyosat idoralari rahbarlari oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, ikki va ko‘p tomonlama shaklda siyosiy, diplomatik hamkorlikni faollashtirish istiqboli yuzasidan fikr almashdilar.

Janob Pak Chin Yangi O‘zbekistonning ichki va tashqi siyosat sohasidagi muvaffaqiyatini yuqori baholadi. Janubiy Koreya alohida strategik hamkor sifatida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan islohot, o‘zgarishlar yo‘nalishini qat’iy va har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi ta’kidlandi.

Savdo-iqtisodiy aloqani faollashtirish, jumladan tovar ayirboshlash hajmini oshirish, mahalliy mahsulotlarni Janubiy Koreya bozoriga yetkazib berishni kengaytirish, transport infratuzilmasi, logistika, “yashil” iqtisodiyot va boshqa sanoat tarmoqlarini rivojlantirishga Janubiy Koreya sarmoyasi, yuqori texnologiyalarini jalb etish bo‘yicha yangi imkoniyatlar ko‘rib chiqildi.

Muloqotda sog‘liqni saqlash, ta’lim, madaniyat va turizm sohalarida yangi yirik loyihalar amalga oshirish masalasi muhokama qilindi.

Muzokara yakunida tashqi ishlar vazirlari iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo hadli bitimni imzoladilar. Janubiy Koreya delegatsiyasi tashrifi chog‘ida elektron parlamentni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, o‘rmon xo‘jaligi, o‘simliklar karantini va himoyasi sohalarida sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan idoralararo hujjatlar ham imzolandi.

Saidmurod Rahimov,

Muhammad Amin (surat),

O‘zA