Mamlakatimiz bokschilari Polsha va Rossiya Federatsiyasida o‘tkazilgan xalqaro turnirlarda umumiy hisobda munosib natijalarni qayd etdi.
Rossiyaning Xabarovsk shahrida erkaklar va ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan xalqaro turnirda hamyurtlarimiz 3 ta oltin, 5 ta kumush va 4 ta bronza medallarini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Polshaning Pultusk shahri ringlarida kechgan janglarda terma jamoamiz a’zolari 6 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medallariga sazovor bo‘lgan holda, 20 ta jamoa orasida 1-o‘rinni egalladi.
Xabarovskda tashkil etilgan turnir davomida terma jamoamiz a’zolaridan Sabina Boboqulova, Nigina O‘ktamova, Aziza Zokirova oltin, Feruza Kazakova, Sitora Turdibekova, Navbahor Hamidova, Alisher Ayubov, Odiljon Aslonov kumush, Axtamov Qodirbek, Javlonbek Yo‘ldoshev, Aman Konsbekov, Amirshoh Samadov bronza medallariga sazovar bo‘ldi.
Polsha ringlarida o‘tgan murosasiz bahslar yakunida bokschilarimizdan Asilbek Jalilov, Dilshod Abdumurodov, Adham Muhiddinov, Havasbek Asatullayev, To‘rabek Xabibullayev, Nusratbek Tohirovga oltin, Nurislom Ismoilov va Rahmatillo Boymatovga kumush, Samandar Jalolovga esa bronza medali nasib etdi. Pultusk shahrida o‘tkazilgan xalqaro turnir janglarida raqiblarini katta ustunlik bilan mag‘lub etgan iste’dodli bokschimiz Adham Muhiddinov musobaqaning eng yaxshi sportchisi sifatida e’tirof etildi.
Shuni alohida ta’kidlab o‘tish kerakki, mazkur ikkita xalqaro musobaqada qo‘lga kiritilgan 21 ta medallar shodasi, erishilgan muvaffaqiyatlar joriy yilda bo‘lib o‘tadigan yozgi Osiyo o‘yinlari hamda kelgusi yili bo‘ladigan Parij-2024 Olimpiadasi saralash musobaqalarida o‘z samarasini ko‘rsatishi shubhasiz.
T. Ro‘ziyev, O‘zA