Mamlakatimizda davlat tashrifi bilan bo‘lib turgan Singapur Respublikasi Prezidenti Halima Yaqub va uning turmush o‘rtog‘i Muhammad Abdulla Toshkent shahridagi Hazrati Imom majmuasiga bordi.
Oliy martabali mehmonni Prezidentning jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Zulayho Mahkamova, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov va boshqa rasmiylar kutib oldi.
Dastlab mehmonlarga Hazrati Imom majmuasining bunyod etilishi va zamonaviy uslubda ziynatlangani haqida batafsil ma’lumot berildi.
Halima Yaqub xonim tashrif asnosida Mo‘yi muborak madrasasida saqlanayotgan Qur’oni karimning eng qadimiy nusxasi – Hazrati Usmon Mushafini ziyorat qildi. Martabali mehmonga bu muborak Qur’on uchinchi xalifa Usmon ibn Affon (roziyallohu anhu) buyruqlariga asosan VII asrda kiyik terisiga ko‘chirtirilgani aytib o‘tildi. YUNESKO tashkiloti 2000 yilning 28 avgustida ushbu Mushafning asl nusxa ekanini tasdiqlovchi hujjat – sertifikat bergan. Suhbat asnosida mazkur Mushafning O‘rta Osiyo zaminiga keltirilishi tarixi haqida ham to‘xtalib o‘tildi.
Shuningdek, oliy martabali mehmonga O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi binosi loyihasi, ichki va tashqi dizayni, muzey ekspozitsiyalari mazmuni bo‘yicha ham ma’lumot berildi.
Singapur Prezidenti Halima Yaqub mana shunday betakror tarixiy obidalarni asrab-avaylash, targ‘ib qilish borasida mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. Bularning barchasi musulmon olami vakillari uchun juda ahamiyatli va qadrli. Bu yerdagi sokinlik, musulmonlarning ziyorat va ibodatlarini mukammal bajarishi uchun yaratilgan qulaylik alohida e’tirof etildi.
Go‘zal SATTOROVA, Otabek MIRSOATOV(surat), O‘zA