Germaniya Federativ Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Tilo Klinner boshchiligidagi delegatsiya Orolbo‘yiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bilan ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, mintaqaning yetakchi korxonalari va Germaniya kompaniyalari o‘rtasidagi aloqalarni yanada kengaytirish, shuningdek, mintaqani rivojlantirishga ko‘maklashish sohasidagi qo‘shma loyihalar bilan tanishiladi.
Delegatsiya ishtirokchilari uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida qabul marosimi o‘tkazildi. Unda Jo‘qorg‘i Kenges raisi A.Orinbayev mehmonlarni Orolbo‘yiga tashrifi bilan qutlab, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ekologik murakkab sharoitda yashab kelayotgan hudud aholisining yashash sharoitini yaxshilash, Orol dengizi halokati oqibatida yuzaga kelgan ekologik fojialar ta’sirini kamaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtaldi.
Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Germaniya o‘rtasidagi keng qamrovli hamkorlik rivojlanib borayotgani qayd etildi. Shu bilan birga joriy yilning 2-3 may kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning taklifiga binoan rasmiy tashrifi muvaffaqiyatli o‘tganligi ham e’tirof etildi.
Germaniya Federativ Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Tilo Klinner Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi F.Ermanov bilan uchrashdi. Unda mamlakatlarimiz o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash, amalga oshirilayotgan qo‘shma investitsiya loyihalari bilan tanishish hamda xizmat ko‘rsatish sohasini yanada rivojlantirish masalalari muhokama etildi.
Mehmonlar Qoraqalpog‘iston tibbiyot institutida ham bo‘ldi. Institut rektori tibbiyot fanlari doktori, professor O.Ataniyazova talabalar kampusi hamda oliy o‘quv yurti klinikasi faoliyati to‘g‘risida ma’lumot berdi. Elchi klinikada davolanayotgan bemorlar hamda talaba yoshlar bilan suhbatlashdi. Kelajakda Germaniya tibbiyot oliy ta’lim muassasalari bilan malakali va zamonaviy bilimga ega kadrlar tayyorlashda hamkorlikni yanada rivojlantirish, shu orqali professor-o‘qituvchilar, ilmiy xodimlarining ilmiy va akademik tajribasini oshirishi uchun imkoniyat yaratish borasida takliflar bildirildi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri