Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga ko‘chma radiotelefon (uyali) aloqa tarmoqlari faoliyati bilan shug‘ullanganlik uchun davlat boji stavkalari miqdorlarini maqbullashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi.

— bugungi kunda yurtimizda 5 ta uyali aloqa operatorlari hamda 1 ta uyali aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi uyali aloqa virtual operatori (provayder) faoliyat ko‘rsatib kelmoqda, — dedi Raqamli texnologiyalar vazirining maslahatchisi D.Rustamov. — Ushbu tadbirkorlik sub’ektlarining xizmat ko‘lami tubdan farq qilsa-da, ham uyali aloqa operatorlari, ham uyali aloqa virtual operatori (provayder) bir xilda litsenziya bojini to‘lab kelyapti. Mazkur qonun loyihasi bilan o‘zining mustaqil aloqa tarmog‘iga ega bo‘lmagan va aloqa tarmoqlari mavjud uyali aloqa operatorlarining tarmoqlari orqali radiotelefon (uyali) aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi uyali aloqa virtual operatorlari (provayderlar) uchun litsenziya berishga alohida davlat boji stavkalari miqdori belgilanmoqda.

Eng muhimi, boj miqdori qariyb besh yarim baravarga kamaytirilmoqda. Qonun loyihasining qabul qilinishi uyali aloqa virtual operatori sifatida aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash hamda iste’molchilarga zamonaviy uyali aloqa xizmatlarini taqdim etish imkoniyatlarini kengaytirish, ushbu yo‘nalishda investitsiya muhitining yaxshilanishiga va raqobatni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Majlisda xalq vakillari qator savollarni o‘rtaga tashladilar, qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi. Savol-javoblardan so‘ng qonun loyihasining dolzarbligi qayd etilgan holda qabul qilindi.

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA