Yoz mavsumida ichimlik suviga bo‘lgan talab yanada ortadi. Natijada aholi tomonidan ichimlik suv tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish holatlari ham ko‘payishi kuzatiladi. Bu esa o‘z navbatida ichimlik suvining aholiga bir me’yorda taqsimlanishiga, bosimning pasayishiga va norozilikning kuchayishiga olib keladi.
bugungi kunda suv ta’minoti korxonalari tomonidan 4 yarim million nafar iste’molchiga xizmat ko‘rsatib kelinayotganligini hisobga olsak, iste’molchilarning 2,5 million yoki 56 foizida ko‘rsatilgan xizmatlar bo‘yicha qarzdorlik mavjud.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, qarzdor iste’molchilarning 2,2 million nafari yoki 89,1 foizi 1 million so‘mgacha, 244 ming nafari yoki 9,9 foizi 1 million so‘mdan 5 million so‘mgacha, 24 ming tasi yoki 1 foizi 5 million so‘mdan yuqori qarzdorlikka ega.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O‘zsuvta’minot” AJ axborot xizmati rahbari Akmal Murodov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda shular haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanishicha, bugungi kunda yuqori qarzdorlikka ega iste’molchilar bilan ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularga ogohlantirish xatlari yuborilgan holda tarmoqdan uzishgacha bo‘lgan choralar ko‘rilmoqda. Shuni inobatga olgan holda “O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruvi raisi S.Saifnazarovning tegishli topshirig‘iga asosan respublika hududlarida mahalliy hokimlik vakillari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, shuningdek, boshqa hamkor tashkilot xodimlari bilan birgalikda ichimlik suvidan noqonuniy foydalanish holatlarini qonunchilikda belgilangan tartibda o‘rganish, ularga qonuniy chora ko‘rilishi yuzasidan nazorat-reyd tadbirlari tashkillashtirilgan.
Xususan, olib borilgan reyd tadbirlari natijasida bugungi kunga qadar 1 055 ta ichimlik va oqova suv tizimlariga noqonuniy ulanish holatlari aniqlangan bo‘lsa, buning natijasida 3 milliard 880 million so‘m zarar yetkazilgan. Aniqlangan qonun buzarlik holatlarining 260 tasi yuridik tashkilotlar hissasiga, 795 tasi esa jismoniy shaxslar hissasiga to‘g‘ri keladi. Ma’lumki, qonunchiligimizda iste’molchilarning ichimlik suv ta’minoti va suv chiqarish xizmati uchun har oyning 10-sanasiga qadar keyingi oy uchun 100 foiz oldindan haq to‘lashi lozimligi belgilangan.
Ammo ayrim iste’molchilar tomonidan qonunchilikka birdek amal qilinmayotgani sababli respublikada iste’molchilarning debitor qarzdorligi tobora oshib bormoqda. Raqamlarga murojaat qilinadigan bo‘lsa, bugungi kunda bu miqdor 1 trillion 363 milliard so‘mni tashkil etmoqda. Shundan 1 trillion 140 milliard so‘m aholi hissasiga to‘g‘ri kelsa, 223 milliard so‘m miqdordagi debitor qarzdorlik yuridik tashkilotlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Ta’kidlash joiz, suv ta’minoti korxonalarining moliyaviy-iqtisodiy ahvoliga bevosita ta’sir ko‘rsatayotgan debitor qarzdorlik holatlarini qisqartirish uchun qonuniy choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, joriy yil 12 may holatida debitor qarzdorlikni undirish maqsadida 3 347 ta fuqaroga nisbatan 14 milliard 838 million so‘mlik zarar undirilishi bo‘yicha sudga da’vo arizalari kiritilgan bo‘lib, jami 2 923 kishiga nisbatan 7 milliard 751 million so‘mlik yetkazilgan zarar undirilishi to‘g‘risida sud qarori qabul qilingan.
Qayd etilishicha, yuqoridagi holatlarning ijobiy yechimi avvalo aholiga ko‘rsatilayotgan xizmat sifatini yanada oshirish, ichimlik suvi ta’minotining bir maromda taqsimlanishi, markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanish qamrovining yanada kengayishiga olib keladi. Qolaversa, barchamizning ichimlik suvidan oqilona foydalanishimiz va to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirishimiz tashkilot moddiy texnik bazasining yaxshilanishi hamda sohada mehnat qilayotgan xodimlar oylik maoshlarining o‘z vaqtida yetkazilishida ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Nilufar Bozorova, O‘zA