Bugun Markaziy saylov komissiyasining muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga bag‘ishlangan navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari ishtirok etdi.
Majlisda siyosiy partiyalarning muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishiga ijozat berish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
– Qonunchiligimizga ko‘ra, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi hamda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishga ijozat berishni so‘rab hujjatlar taqdim qilindi, — dedi Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari B.Qo‘chqorov. — Saylov kodeksiga muvofiq, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan hujjatlar ko‘rib chiqilib, mazkur partiyalarga 2023 yil 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishi uchun ijozat berildi.
Majlisda siyosiy partiyalarga o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishi uchun ijozat berish bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.
Shuningdek, majlis doirasida siyosiy partiyalarning vakolatli vakillariga saylovda ishtirok etishga ijozat berilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma hamda belgilangan namunadagi imzo varaqalari blankalarini topshirish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
— Milliy qonunchiligimizga ko‘ra, saylovda ishtirok etishiga ijozat berilgan siyosiy partiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlab, O‘zbekiston Respublikasi jami saylovchilarining umumiy soni kamida bir foizining imzosini to‘plashi kerak, — dedi MSK kotibiyati mudiri X.Mamatov. — Bitta ma’muriy-hududiy tuzilmada siyosiy partiya tegishincha imzolar umumiy sonining ko‘pi bilan sakkiz foizini to‘plashi mumkin. Siyosiy partiyalar o‘zining vakolatli vakiliga MSK tomonidan ro‘yxatga olinganlik to‘g‘risida guvohnoma berilganidan keyingina nomzodni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan saylovchilarning imzosini to‘plashga haqli. Bu sanaga qadar to‘plangan imzolar esa hisobga olinmaydi. Shuningdek, imzo to‘plashda fuqarolarni majburiy tarzda bunga jalb qilish mumkin emas. Saylovchilar bitta yoki bir nechta nomzodlarni qo‘llab-quvvatlab imzo qo‘yishga haqli. Imzo varaqalari joriy yilning 3 iyunigacha topshirilishi lozim.
Majlisda siyosiy partiyalarning vakolatli vakillariga saylovda ishtirok etishga ijozat berilgani to‘g‘risidagi guvohnoma hamda belgilangan namunadagi imzo varaqalari blankalarini topshirish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Muhtarama Komilova,
Nosir Haydarov,(surat) O‘zA