O‘zbekistonda 5 mingga yaqin advokat faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular inson huquqlari himoyasini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada advokaturaning maqomi qanday belgilandi? Bu savolga Adliya vazirligi notariat, advokatura va huquqiy xizmatlar boshqarmasi bosh maslahatchisi Yoqutxon Yusupova javob berdi:
– Advokatura zimmasiga jismoniy va yuridik shaxslarga malakali yuridik yordam ko‘rsatish, shaxsning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishdek muhim konstitutsiyaviy vazifa yuklatilgan. Sud jarayonlarida himoya va ayblov tarafining tengligini ta’minlash odil sudlovning muhim shartlaridan biridir.
Ilgari Konstitutsiyada sud protsessining ayblov tarafi hisoblangan prokuratura institutiga oid qoidalar alohida bobda batafsil berilgan, biroq advokaturaga oid qoidalar bir jumlada keltirib o‘tilgan edi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada esa advokaturaning maqomi yanada mustahkamlanib, hujjat “Advokatura” nomli 24-bob bilan to‘ldirildi Advokatura sohasining prokuratura singari Konstitutsiyada alohida bobda berilishi ularning konstitutsiyaviy maqomini oshirdi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan advokaturaga oid qoidalarni tahlil qiladigan bo‘lsak, jismoniy va yuridik shaxslarga malakali yuridik yordam ko‘rsatish uchun advokatura faoliyat ko‘rsatadi.
Advokatura faoliyati qonuniylik, mustaqillik va o‘zini o‘zi boshqarish prinsiplariga asoslanadi. Advokaturani tashkil etish va uning faoliyati tartibi qonun bilan belgilanadi.
Advokaturaning faoliyati qonuniylik, mustaqillik va o‘zini o‘zi boshqarish tamoyillariga asoslanishi Konstitutsiya darajasida mustahkamlandi. Bunda, advokatura faoliyatining qonuniyligi, deganda advokatlik faoliyati faqat qonunga qat’iy rioya qilgan holda amalga oshirilishi tushuniladi.
“Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida»gi qonunning 5-moddasiga asosan, advokatning mustaqilligi unga qonunda belgilangan tartibda advokatlik faoliyatini amalga oshirish uchun ijozat berish, bu faoliyatni to‘xtatib turish va tugatish, advokatning daxlsizligi, advokatlik sirini oshkor etishni talab qilishni man etish, advokat olib borayotgan ishlarga aralashganlik yoxud advokatning daxlsizligini buzganlik uchun javobgarlik, davlat tomonidan unga advokatlik faoliyati kafolatlari berilishi hamda ijtimoiy himoyalanishi orqali ta’minlanadi.
Advokaturaning o‘zini o‘zi boshqarish, deganda, O‘zbekistonda xususiy advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi advokatlar o‘z faoliyatini nodavlat kasbiy birlashma orqali boshqarishi, ularning boshqaruviga oid masalalarga davlatning aralashuviga yo‘l qo‘yilmasligi tushuniladi.
bugungi kunda Advokatlar palatasi o‘zining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tuziladigan hududiy boshqarmalari bilan birgalikda advokaturaning yagona o‘zini o‘zi boshqarish tizimini tashkil etadi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 142-moddasiga asosan, advokat o‘z kasbiy vazifalarini amalga oshirayotganda uning faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi. Advokatga o‘z himoyasidagi shaxs bilan to‘siqlarsiz va holi uchrashish, maslahatlar berish uchun shart-sharoitlar ta’minlanadi. Advokat, uning sha’ni, qadr-qimmati va kasbiy faoliyati davlat himoyasida bo‘ladi va qonun bilan muhofaza qilinadi. Advokatning kasbiy faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanishi kuchli advokatura tizimini yaratishning asosiy omili bo‘lib xizmat qiladi.
Ushbu qoida “hech bir idora advokatlarning faoliyatiga to‘sqinlik qilmasligi shart”, degan g‘oyaning konstitutsiyaviy ifodasidir. Ushbu norma sud protsessida advokat prokuror bilan tengma-teng munozaraga kirishishini ta’minlaydi. Ish bo‘yicha dalillarni to‘plash va taqdim etish faoliyatiga aralashmaslik natijasida advokaturaning huquqiy holati mustahkamlanadi.
Advokatlik faoliyatidagi erkinlik va kafolat ularning ishini yengillashtiradi, advokat himoya qilayotgan shaxsning qonuniy huquq va manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlaydi.
N.Abduraimova, O‘zA