O‘zbekistonlik uch nafar ayol sudya – Nodira Boboxonova, Malika Qalandarova, Nodira Hakimova Xalqaro ayol sudyalar assotsiatsiyasi a’zoligiga qabul qilindi.
Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmatidan xabar qilishlaricha, ular Afrika qit’asida joylashgan Marokash qirolligining Marokash shahrida Xalqaro ayol sudyalar assotsiatsiyasining “Ayol sudyalar faoliyati: yutuqlar va istiqbol” mavzuida o‘tkazilayotgan XVI konferensiyada ishtirok etmoqda.
Ma’lumki, Xalqaro ayol sudyalar assotsiatsiyasi 1991 yilda tashkil etilgan bo‘lib, inson huquqlari, birinchi navbatda, xotin-qizlar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash ushbu tashkilotning ustuvor vazifasi hisoblanadi.
bugungi kunda assotsiatsiyaning olti ming nafardan ortiq a’zosi bo‘lib, barchasi turli davlatlarning ayol sudyalaridan iborat.
Xalqaro ayol sudyalar assotsiatsiyasi odam savdosi, xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish, bu borada qonuniylikni ta’minlashda ayol sudyalar o‘rni kabi qator loyihalarni faol amalga oshirib kelmoqda.
Marokashda o‘tayotgan konferensiyada innovatsiya, ayollarda liderlik, qat’iyat ko‘nikmalarini shakllantirishning o‘ziga xos jihatlari mavzularida o‘zaro fikr va tajriba almashmoqda.
Ma’lumot uchun: Nodira Boboxonova, Malika Qalandarova O‘zbekiston Sudyalar oliy kengashi sudyalari, Nodira Hakimova esa Oliy sud sudyasi hisoblanadi.
N.Abduraimova, O‘zA