Guliston shahrida III Xalqaro baxshichilik san’ati festivali bo‘lib o‘tdi.
Festivalni yuqori saviyada o‘tkazish uchun puxta hozirlik ko‘rildi. Saxovatli Sirdaryo zamini milliy ruhda bayramona bezatildi. Xiyobonlar, ko‘cha va maydonlarga qadimdan shakllanib, asrlar davomida sayqal topgan milliy qadriyat va urf-odatlarimiz, baxshilarimiz siymolari aks etgan pannolar o‘rnatildi. Dunyoning 30 dan ziyod mamlakatlaridan kelgan mehmonlar yuzidagi quvonch va samimiy munosabat Sirdaryoda milliy o‘zligimizni keng namoyon etadigan, dunyo xalqlarini qadim qadriyatlarni ulug‘lashga chorlaydigan, yagona maqsad, yagona maslak sari birlashtiradigan ulug‘ bayram nishonlanganidan dalolat berdi.
Guliston shahri markazidagi “Bilimdonlar maskani”, viloyat musiqali drama teatri va Amfiteatr maydoni atrofida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlarning o‘tmishdagi turmush tarzi hamda bugungi obod va farovon hayoti o‘z ifodasini topgan etnografik shaharchalar barpo etildi. Shaharchalardagi mo‘’jaz sahnalarda teatrlashtirilgan tomoshalar, folklor-etnografik jamoalarining chiqishlari namoyish etildi. Xorijlik sayyohlar, hunarmandlar ko‘rgazma-yarmarkalarida qadimiy so‘zana va liboslar, gilamlar, milliy cholg‘ular, sopol buyumlarning namunalari bilan tanishish, yurtimizning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan mehmon uylarida oilaviy marosimlarni ko‘rish imkoniga ega bo‘lib, ulkan taassurotlarga ega bo‘ldi.
Prezidentimizning yirik san’at anjumanini Guliston shahrida o‘tkazish borasidagi tashabbusidan keyin viloyat markazida qisqa fursatda ulkan ishlar amalga oshirildi. Ikki yilda bir marta bo‘lib o‘tadigan festivalning asosiy tadbirlari o‘tadigan To‘ra Sulaymon nomidagi amfiteatr hududida zamonaviy sahna barpo etildi. Mahobatli amfiteatr tegrasida ishtirokchi davlatlarning bayroqlari hilpirab turdi. Sahna ortida o‘ziga xos dekoratsiyada qad ko‘targan qal’a devorlari, Ko‘hitang tog‘lari kishini xayolan Alpomish zamoniga yetaklaydi go‘yo. 2023 yil 8 may. Soat 20:00. III Xalqaro baxshichilik san’ati festivali o‘z poyoniga yetmoqda. Bir ozdan so‘ng ko‘rik-tanlov g‘oliblari va sovrindorlarni tantanali taqdirlash marosimi hamda gala-konsert namoyish etiladi.
Xalqaro festival g‘oliblarini mukofotlash maqsadida bu gal ham AQSH dollarida pul mukofotlari belgilangan. Gran pri sohibiga – 7000 AQSH dollari, 1-o‘rin uchun 2500 AQSH dollari, 2-o‘rin uchun 1750 AQSH dollari, 3- o‘rin uchun 1200 AQSH dollari ajratilgan.
3-o‘ringa Dilmurod Gulmurodov (O‘zbekiston),Serik Jaqsiqulov (Qozog‘iston), Erdane Vat Yesun (Mo‘g‘iliston), Shin Ja Sun(Koreya),
2-o‘ringa Rasulbek Abdurahmonov (O‘zbekiston), Nugzar Navtaradze (Gruziya), Sarvar Sabri Kamal (Hindiston), Yaroslav Dmitrov Xristov (Bolgariya),
1-o‘ringa Qoryog‘di Sariyev (Turkmaniston), Salamat Ayapov (O‘zbekiston), Sandon Ares (Rossiya), Risbay Isakov (Qirg‘iziston),
Gran Pri mukofotiga o‘zbekistonlik Ilhom Norov sazovor bo‘ldi.
Bundan tashqari, nominatsiyalar bo‘yicha ham ishtirokchilar taqdirlandi.
Mukofotlarni O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov, Hakamlar hay’ati raisi Mun Syung Xuk, Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev va boshqa rasmiylar topshirdi.
“San’at muxlislari qalbidan chuqur joy egallagan mazkur nufuzli anjumanning bu yil Sirdaryo viloyatida bo‘lib o‘tayotgani ham bejiz emas, albatta. Chunki ko‘hna Mirzacho‘l zaminida tashkil topgan Sirdaryo viloyati bu yil qutlug‘ 60 yillik to‘yini nishonlamoqda. Sirdaryo ahli bu yil ko‘plab madaniyat, san’at va ma’naviyat bayramlarini guvohi bo‘lmoqda. Viloyatda bo‘lib o‘tgan ushbu festival ham Sirdaryoning 60 yillik to‘yini bir qismi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, xalqimiz aytganidek, ozod va obod yurtga to‘ylar, bayramlar yarashadi.
Shuhrat Suyarov,
Shahriyor Ortiqboyev,(suratlar)