NATO Yevropa va Shimoliy Amerika davlatlarining birlashmasi bo‘lib qoladi va Osiyo davlatlarini o‘z safiga qabul qilmaydi. Bu haqda “The Washington Post” gazetasiga bergan intervyuda NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg bayonot bergan.

Bosh kotib Alyans va Xitoy o‘rtasida mojaro yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan savolga javob berar ekan, u Tayvan va uning atrofidagi ziddiyat “jiddiy oqibatlarga olib keladi”, degan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, konteyner yuklari va kemalarning yarmi Tayvan bo‘g‘ozi orqali o‘tadi, shuningdek, orol “dunyodagi barcha yarim o‘tkazgichlarning salmoqli qismini” ishlab chiqaradi.

“Tayvandagi mojaroning iqtisodiy va savdo oqibatlari juda katta bo‘ladi. Keyin, albatta, harbiy ziddiyat NATO va uning ittifoqchilari uchun ham o‘z ta’sirini o‘tkazadi”, deb qo‘shimcha qilgan Stoltenberg.

O‘zA