29-31 may kunlari Rossiyaning Astraxan shahrida Kaspiy ilmiy-ta’lim kongressi doirasida “Kaspiy-2023: barqaror rivojlanish yo‘llari” mavzusida ilmiy tadbir bo‘lib o‘tadi. Mazkur yirik uchrashuv Astraxan viloyati hukumati, Astraxan davlat universiteti, “Rossiya– imkoniyatlar mamlakati” avtonom notijorat tashkiloti hamkorligida tashkil etilmoqda.

Asosiy tadbirlar V.N.Tatishev nomidagi Astraxan davlat universitetida bo‘lib o‘tadi. Bu  yil uchinchi marotaba o‘tkazilayotgan ushbu forumda  Rossiyaning Kaspiy dengizidagi  mavqeini mustahkamlash, Kaspiybo‘yi mamlakatlarining fan va texnologiyalar, ta’lim, madaniyat sohalaridagi hamkorligini rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.

Astraxan davlat universitetining Axborot siyosati va aloqalar bo‘limi taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, uch kunlik tadbir doirasida muhokamalar, etnografik olimpiada, “Vakolatlar markazlari” loyihasi ekspertlari kengashining yig‘ilishi, viloyatning transport logistika sohasidagi oliy o‘quv yurtlari konsorsiumi majlisi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Forumning birinchi ish kuni to‘liq yoshlar siyosati masalalariga bag‘ishlanadi.

Astraxan davlat universiteti rektori Konstantin Markelovning so‘zlariga ko‘ra, Kaspiybo‘yi mamlakatlari o‘rtasida ilmiy, ma’rifiy iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni rivojlantirish uning mintaqaviy va global  miqyosdagi barqarorligini oshirishga yordam beradi.

“Turli soha vakillari o‘rtasidagi amaliy muloqot, yangi ijtimoiy, iqtisodiy, texnologik tahdidlar va xalqaro hamkorlikning bugungi holatini hisobga olgan holda, Kaspiybo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirishning  dolzarb muammolarini hal etish uchun umumiy yondashuvlarni  ishlab chiqish hamkorlikdagi ishlarning samarasi bo‘ladi”, – deydi Konstantin Markelov.

Forumda ishtirok etish uchun quyidagi havola orqali ro‘yxatdan o‘tish mumkin: caspian2023.asu.edu.ru

G‘.Xonnazarov, O‘zA