deputat_oliy_talim_muassasalarida_kontrakt_t_lovlari_mi_dori.jpgAbdurashid Abduqodirov oliy ta’lim muassasalaridagi kontrakt to‘lovini to‘lashda qulay imkoniyatlar yaratish hamda xarajatlarni kamaytirish hisobiga to‘lov miqdorini kamaytirish, shuningdek, oliy ta’lim muassasalariga talabalar qabulini tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida amalga oshirish taklifini ilgari surmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Abdurashid Abduqodirovning ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlardagi ayni mavzudagi fikr-mulohazalari, takliflari o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Abdurashid Abduqodirov oliy ta’lim muassasalaridagi kontrakt to‘lovini to‘lashda qulay imkoniyatlar yaratish hamda xarajatlarni kamaytirish hisobiga to‘lov miqdorini kamaytirish, shuningdek, oliy ta’lim muassasalariga talabalar qabulini tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida amalga oshirish taklifini ilgari surmoqda.

Xo‘sh, ushbu takliflar nimalardan iborat va u odamlarga nima beradi?

– Mamlakatimizda oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotasining 30 foizga yaqin qismini davlat granti tashkil etadi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Abdurashid Abduqodirov. – Amaldagi tartibga ko‘ra, to‘lov-kontrakt mablag‘larining yarmidan ko‘pi talabaning o‘ziga stipendiya sifatida qaytarib berilsa, qolgan qismi o‘qitishning boshqa xarajatlari uchun yo‘naltiriladi.

Biroq har yili mamlakatimizda yuzlab yoshlar kontrakt to‘lovlarini to‘lay olmagani oqibatida talabalar safidan chetlashtirilayotgani, yana minglab oilalar kontrakt to‘lovlarini to‘lashda qiyinchiliklarga duch kelayotganini barchamiz yaxshi bilamiz. Shuning uchun, bunday noxush holatlarning oldini olish maqsadida ta’til oylarida talabalarga stipendiya to‘lamasdan, xarajatlarning kamayishi hisobiga, barcha ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha bir o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakt mablag‘lari miqdorini o‘rtacha eng kam ish haqining uch barobari (taxminan 510 ming so‘m) miqdorida kamaytirish; o‘quv yilining navbatdagi yarim yili bo‘yicha stipendiya tayinlangan har bir oy uchun stipendiyaning eng kam ish haqining bir yoki bir yarim barobaridan ortiqcha qismi hisobidan o‘quv yili uchun belgilangan to‘lov-kontrakt mablag‘i miqdorini kamroq to‘lash tartibini yo‘lga qo‘yish taklif etilmoqda.

Bu esa bir o‘quv yili uchun, e’tibor bering, kontrakt to‘lovini 1,6 million so‘mdan 4,5 million so‘mgacha kamroq to‘lash imkonini beradi. Talaba yoki uning ota-onasining avvaldan to‘lagan kontarkt to‘lovi mablag‘i hisobidan, keyinchalik uning bir qismini stipendiya qilib berilayotganini inobatga olsak, yuqoridagi taklifni amaliyotga joriy etish adolatliroq bo‘ladi hamda talabalar va ularning ota-onalari uchun katta qulayliklar yaratadi.

Shuningdek, ushbu taklif loyihasida, to‘lov-kontrakt shartnomasi asosida qabul qilingan eng ko‘p ball to‘plagan talaba ham, eng kam ball to‘plagan talaba ham bir xil miqdorda to‘lov-kontrakt mablag‘ini to‘layotgani natijasida abituriyentlarning yuqori ball to‘plashga bo‘lgan intilishlarininng kamayishiga olib kelayotganligi sababli oliy ta’lim muassasalariga talabalar qabulini tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida amalga oshirish taklif etilmoqda.

Unga ko‘ra, ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha ajratilgan kvota asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlarning, qoida tariqasida, yuqori ball to‘plagan birinchi 12 foizi to‘liq davlat granti asosida, talabalikka tavsiya etilgan keyingi har 12 foiz abituriyentlar belgilangan to‘lov-kontrakt mablag‘i miqdorining mos ravishda 35, 60 va 80 foizini, qolgan 52 foiz abituriyentlar esa to‘lov-kontrakt mablag‘i miqdorining 100 foizini to‘lash asosida o‘qishga qabul qilinishi nazarda tutilmoqda.

Ushbu taklifni soddaroq tushuntiradigan bo‘lsak, amaldagi tartibga ko‘ra, bir ta’lim yo‘nalishiga qabul qilingan 100 nafar talabaning 27 nafari davlat granti asosida, qolgan 73 nafar talabaning har biri, misol uchun o‘rtacha 7 million 250 ming so‘mdan to‘lab (jami 529 250 000 so‘m) o‘qiydi. Taklifga ko‘ra esa, to‘plagan balliga qarab dastlabki 12 nafar talaba to‘liq davlat granti assosida, keyingi 12 nafar talaba to‘lov kontrakt miqdorining 35 foizini yoki 2 million 538 ming so‘m, keyingi 12 nafar talaba to‘lov kontrakt miqdorining 60 foizini yoki 4 million 350 ming so‘m, navbatdagi 12 nafar talaba esa to‘lov kontrakt miqdorining 80 foizini yoki 5 million 800 ming so‘m, qolgan 52 nafar talaba esa to‘lov kontrakt miqdorini to‘liq ya’ni, 7 millon 250 ming so‘mini to‘laydi.

Agar taklifning kontrakt to‘lovini kamaytirish bo‘yicha bildirilgan qismi inobatga olinsa, yuqoridagi kontrakt to‘lovi miqdorlari yana ham kamayadi. Ushbu taklif qo‘llab-quvvatlangan taqdirda abituriyentlarning yuqori ball olish uchun bilimli bo‘lishlari yanada rag‘batlantiriladi; to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lashda fuqarolarga tushadigan yuk kamayadi; to‘lov-kontraktdan tushadigan mablag‘ umumiy mablag‘ga nisbatan jami 0,5 foizga, ya’ni 6 mlrd. so‘mga yaqin miqdorda ortadi hamda to‘lov-kontrakt pulini 100 foiz to‘laydigan talabalar sonini 20 foiz kamaytirishiga erishiladi.

 

O‘zA muxbiri Vohid Luqmonov yozib oldi.