O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan joriy yil 24-26 aprel kunlari “Harakatlar strategiyasi va kuchli ijtimoiy siyosat: xalqaro amaliyot va O‘zbekiston tajribasi” mavzuida xalqaro konferensiya o‘tkaziladi. 

Konferensiyada Xalqaro mehnat tashkiloti, Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi, Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasining Umumevropa hududiy kengashi, Xalqaro ish beruvchilar tashkilotlarning hamda xorijiy davlatlarning kasaba uyushma markazlari, O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari, 30 dan ortiq davlatning ekspert va olimlari ishtirok etishi ko‘zda tutilmoqda.

Ko‘zlangan asosiy maqsad – Harakatlar strategiyasi asosida yurtimizda keyingi bir yarim yil davomida amalga oshirilayotgan fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy masalalarini hal etish borasidagi tizimli islohotlar, ularning ijobiy natijalari bilan ishtirokchilarni kengroq tanishtirishdan iborat.

Anjuman doirasida xorijiy ishtirokchilarning Samarqand, Buxoro va Toshkent viloyatlariga tashriflari rejalashtirilgan. Shuningdek, xalqaro ekspertlar yurtimizda amalga oshirilayotgan kuchli ijtimoiy siyosat va inson manfaatlari yo‘lidagi islohotlarning natijalarini oddiy odamlar hayotida o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Xalqaro konferensiya bevosita ijtimoiy-mehnat masalalarini hal etish bilan shug‘ullanuvchi anjuman ishtirokchilarining takliflari, fikr va tajribalarini konstruktiv muhokama qilish uchun xalqaro maydon vazifasini o‘taydi. Anjumanning aynan shu formatda o‘tishi O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyatga ochiqligini, mazkur yo‘nalishda ilg‘or xalqaro va xorijiy tajribani o‘rganish hamda hayotga tatbiq qilishga tayyorligini namoyon etadi.

Bu ma’lumotlar bugun poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida konferensiyaga bag‘ishlab o‘tkazilgan birifingda aytildi.

 

Nazokat Usmonova, O‘zA