NATO o‘z safiga yana uchta mamlakatni qo‘shib olib jahon tashkilotiga aylanishi mumkin, deb yozdi AQSH Prezidentining sobiq maslahatchisi Jon Bolton Wall Street Journal gazetasiga yozgan maqolasida.

“Biz Xose Mariya Asnarning (Ispaniyaning sobiq bosh vaziri) Yaponiya, Avstraliya va Isroilni alyansga qo‘shib olib NATOni global tashkilotga aylantirish haqidagi g‘oyasini hayotga joriy qilishimiz kerak”, – dedi u o‘z maqolasida. Trampning sobiq maslahatchisi qo‘shimcha qilishicha, Shimoliy Atlantika alyansiga mudofaa xarajatlari bo‘yicha NATO standartlariga mos keladigan boshqa mamlakatlar ham qo‘shilishi mumkin.

Uning fikricha, Qo‘shma shtatlar va ittifoqchilari mudofaa byudjetini oshirishi kerak.

Avvalroq NATOga Finlyandiya va Shvetsiya a’zo bo‘lish istagini bildirgan edi. Yaqinda Finlyandiya alyansga a’zo bo‘lish jarayonini nihoyasiga yetkazdi. Shvetsiya nomzodini esa Turkiya va Vengriya ma’qullamay turibdi.