Turkiya kelgusi yetti yil ichida TOGG elektromobillari ishlab chiqarishni 1 million donaga yetkazadi, deb bayonot berdi Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an.
“Yetti yildan keyin yo‘llarda bir millionta TOGG elektromobillarini ko‘rasiz”, – dedi Erdog‘an mahalliy jurnalistlarga intervyu bera turib.
Uning ta’kidlashicha, elektromobillarga talab hozirda juda yuqori. Erdog‘an fuqarolarning TOGG elektrokaralarini xarid qilishi uchun maxsus kreditlar ajratishni muhokama qilish bo‘yicha davlat banklari vakillari bilan uchrashishi mumkinligini ham ta’kidlab o‘tgan.
Erdog‘an bilan uning rafiqasi Eminexonim Turkiyada ishlab chiqarilgan ushbu milliy elektromobilning birinchi sohibi bo‘ldi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevga ham bittadan TOGG elektrokarasi sovg‘a qilingan.
Modelning ikkita – sedan va yo‘l tanlamas versiyasi ishlab chiqariladi.
Eng arzon modeli 160 kilovottli akkumulyatorga ega bo‘lib, bir quvvat olganda 314 kilometr yuradi. Narxi 50 ming dollardan ko‘proq. Akkumulyatorni 80 foizgacha quvvatlantirishga maxsus moslamada 28 daqiqa ketadi, oddiy rozetkada esa olti soat zarur bo‘ladi. Shuningdek, butun mamlakat bo‘ylab ikki mingdan ziyod quvvatlantiruvchi stansiyalar o‘rnatilgan.
Joriy yilning mart oyidan boshlab Turkiya hukumati Xitoydan keltirilayotgan elektromobillarga qo‘shimcha 40 foiz soliq joriy qildi. Bundan tashqari, elektromobillarga soliq solish tartiblari ham o‘zgartirilgan.