Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal AQSHga rasmiy tashrifi doirasida Pentagon rahbari Lloyd Ostin bilan muzokara o‘tkazdi. Bu haqda “Anadolu” yozgan.

Uchrashuvda Shmigal G‘arbni F-16 va F-15 qiruvchi samolyotlari yetkazib berishni boshlashga chaqirdi.

“Biz g‘alaba qozonamiz, faqat bunga tezroq va kam yo‘qotish bilan erishish uchun Ukrainaga haliyam tezkor harbiy yordam kerak”, — dedi bosh vazir.

Ostin bilan uchrashuvda u kuchli harbiy yordami va Rammstein formati yaratilishi uchun Qo‘shma Shtatlarga minnatdorlik bildirdi.

Muloqot davomida navbatdagi qarshi hujum amaliyotini muvaffaqiyatli o‘tkazish uchun Ukrainaning favqulodda ehtiyoji masalasi batafsil muhokama qilindi. Shuningdek, kelajak uchun yangi imkoniyatlar ustida birgalikda ish olib borishga kelishildi. Bosh vazir qo‘shimcha qilishicha, tez g‘alaba qozonish uchun ko‘proq qurol, ya’ni havo mudofaasi, og‘ir artilleriya va texnika, minomyot va o‘q-dori kerak. Shu bois Ukraina vakili AQSHni uzoq masofaga uchadigan raketalar yetkazib berishga chaqirdi.

“Biz AQSHning doimiy kuchli harbiy yordamiga ishonamiz”, — deb yozdi Shmigal ijtimoiy tarmoqda.

Ostin aniq so‘rovga izoh bermadi, biroq AQSH Ukraina uchun qurol ishlab chiqarishni kengaytirishiga va’da berdi.

“Biz ishlab chiqarishni yanada oshirish uchun mudofaa sanoatimiz bazasiga sarmoya kiritishda davom etamiz”, dedi Pentagon rahbari.

O‘zA