Kamboja qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi vazirligi chorshanba kuni Champei Sar 70 (CPS 70) deb nomlangan xushbo‘y guruchning yangi navini taqdim etdi. Yangi navli guruch qariyb o‘n yildan buyon olib borilgan tadqiqotlar va ishlanmalar natijasida yaratildi, deb yozmoqda «Sinxua» agentligi.

CPS 70 navining yaratilishiga Kambojaning qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari va ishlanmalari instituti bilan Avstraliya olimlari hamkorligida erishilgan bo‘lib, tadqiqotlar qariyb 9 yil davomida quruq va yog‘inli mavsumlarda 80 ta dala tajribasi olib borildi, deyiladi xabarda.

Matbuot xabarnomasida keltirilishicha, guruchning CPS 70 navi Kambojaning Pxka Rumduol s CNi9024 guruch navi asosida olingan bo‘lib, ushbu nav  o‘z vaqtida ko‘plab mukofotlarga sazovor bo‘lgan.

Aniqlik kiritilishicha, CPS 70 – bu xushbo‘y guruch bo‘lib, uch oyda pishib yetiladi.

Xushbo‘y guruchga butun dunyoda talab katta. Kamboja eksport qilayotgan jami tozalangan gruchning 60 foizidan ko‘pi xushbo‘y guruch hisoblanadi.  2025 yilga kelib Kamboja tozalangan guruch  eksportini yiliga 1 million tonnaga yetkazishni mo‘ljallamoqda.

Xabarda aytilishicha, qishloq xo‘jaligi mamlakat iqtisodiyotining muhim sohalaridan biri hisoblanadi. 2021 yilda Kamboja YAIMining qariyb chorak qismi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportidan tushgan daromadga to‘g‘ri kelgan. Mamlakat aholisining uchdan bir qismi ushbu sohada mehnat qiladi, qolaversa, ularning yarmidan ko‘pi ayollardir.