AQSHning Omaxa shahrida ot sportining konkur yo‘nalishi bo‘yicha boshlangan Jahon kubogining final bosqichida hamyurtimiz Nurjan Tuyakboyev «Lanselotta» laqabli tulporida Yevroosiyo ligasining eng kuchli sportchisi sifatida ishtirok etmoqda.

Sportchimiz va uning oti murakkab tekshiruvlardan iborat karantin jarayoni va maxsus veterinarlar tekshiruvidan muvaffaqiyatli o‘tgach bahslarga kirishdi.

Bugun chavandozimiz tozalik va tezlikka asoslangan dasturda o‘z ishtirokini yakunladi. To‘siq balandligi 160 santimetrni tashkil etgan yo‘nalishda yurtdoshimizning chiqishi ko‘pchilikning olqishiga sazovor bo‘ldi. Tuyakboyev ertaga yana bir dasturda omadini sinab ko‘radi.

Eslatib o‘tamiz, dunyoning eng kuchli 41 nafar chavandozi qatnashayotgan musobaqada o‘zbek chavandozi va yurtimiz tulpori AQSHda o‘tayotgan tarixiy musobaqada ilk bor ishtirok etmoqda, deyiladi Milliy olimpiya qo‘mitasi xabarida.

T.Ro‘ziyev, O‘zA