Ayni kunlarda poytaxtimizda shashka bo‘yicha Jahon kubogi bahslari bo‘lib o‘tmoqda.
Sakkiz davlatdan 100 nafarga yaqin sportchilar ishtirok etayotgan musobaqalarda dunyoning eng kuchli 12 nafar shashka grossmeysterlari bilan bir qatorda mahoratli yoshlar ishtirok etmoqda.
Jahon kubogini bir qator davlatlarning shashka federatsiyasi mutasaddilari qatorida Xalqaro shashka federatsiyasi prezidenti Vladimir Langin ham kuzatib bormoqda.
Bugun ushbu turnir doirasida Yoshlar siyosati va sport vazirligida Xalqaro shashka federatsiyasi prezidenti Vladimir Langin bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Muloqot davomida mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport sohasida, xususan shashka sport turini rivojlantirish borasidagi ishlar, amalga oshirilayotgan islohotlar xususida fikr almashildi.
Uchrashuvda aytib o‘tilganidek, yurtimiz shashkachilari orasidan 5 nafar xalqaro grossmeyster va 12 nafar xalqaro sport ustasi yetishib chiqqan bo‘lib, keyingi 5 yil davomida shashka bo‘yicha 13 nafar sportchimiz o‘z yosh toifasida jahon chempionligiga erishdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusida hamkorlik bo‘yicha ma’lum kelishuvlarga erishdi.
Toshkentda davom etayotgan Jahon kubogi bellashuvlari 8 aprelga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA