Ma’lumki, Magnus Karlsenning klassik shaxmat bo‘yicha jahon chempionligini himoya qilishdan voz kechishi rossiyalik Yan Nepomnyashiy va xitoylik Din Lijenni “shaxmat taxti” uchun kurash maydonida ro‘baro‘ qilmoqda.
Xo‘sh, kelgusi ikki yillik muddatda jahon shaxmat toji kimga tegishli bo‘ladi? Bu borada turli taxmin va talqinlar mavjud. Ammo, barchasiga oq-qora shaxmat taxtasida kechadigan 14 partiyadan iborat bahslar oydinlik kiritadi.
Kuni kecha Xalqaro shaxmat federatsiyasi joriy yil 9 apreldan Qozog‘istonning Ostona shahrida boshlanadigan chempionlik o‘yinlarining taqvimini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, 1-tur o‘yini aynan 9 aprel kuni bo‘lib o‘tadi. Qolgan tur bahslari 10, 12, 13, 15, 16, 18, 20, 21, 23, 24, 26, 29 va 29 aprel kunlari tashkil etiladi.
Chempionat nizomiga ko‘ra, 14 ta tur o‘yinidan keyin tenglik qayd etilsa, 30 aprel kuni tay-breyk bahsi o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, jahon chempionligi musobaqasining umumiy mukofot jamg‘armasi 2 million yevrodan iborat bo‘lib, g‘olib shaxmatchi 60 foiz mukofotga ega chiqadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA