Janubiy Koreyaning Kangvon shahrida o‘smirlar o‘rtasida o‘tadigan IV qishki Olimpiya o‘yinlari medalining old ko‘rinishi uchun o‘tkazilgan tanlov nihoyasiga yetdi.
Tanlovda 120 ga yaqin mamlakatdan 300 nafardan ziyod dizaynerning ishi ko‘rib chiqildi, deyiladi Xalqaro olimpiya qo‘mitasi xabarida.
Mutaxassislar va tashkiliy qo‘mita a’zolari xulosasiga ko‘ra, braziliyalik 27 yoshli Dante Akira Uvay O‘smirlar olimpiadasi ishtirokchilariga taqdim etiladigan medalning old tomoni dizaynini ishlab chiqish tanlovi g‘olibi, deb topildi. Akira tik chiziqlardan kelib chiqib, “Kangvon-2024” shiorini “Birga o‘sing, abadiy porlang!”, chorlovi yordamida ifoda etgan.
Tashkiliy qo‘mita braziliyalik ijodkor yaratgan ko‘rinish takomillashtirilishi, shu asosda o‘yinlar ramzi, koreys madaniyati unsurlari namoyish etilishi bo‘yicha sa’y-harakat boshlab yuborilganini bildirdi.
Hay’at a’zosi – so‘nggi o‘smirlar Olimpiya o‘yinlari dizayni muallifi Yangi Zelandiya fuqarosi Zakea Peyj Dante Akira Uvay ijodini yuksak baholab, “…e’tirofga arziydi, bu ramz o‘smirlar Olimpiadasi qadriyatlarining ajoyib talqinidir”, deya ta’kidladi.
Taqdim qilingan ishlar orasida, shuningdek, kolumbiyalik Luiza Valensiya Gomes ijodiy ishi 2-o‘rinni, meksikalik Karlos Alexandro Kastaneda Arenas yaratgan ko‘rinish 3-o‘rinni egalladi.
Eslatib o‘tamiz, o‘smirlar o‘rtasidagi qishki Olimpiya o‘yinlari kelgusi yil 19 yanvar-2 fevral kunlariga belgilangan.
T. Ro‘ziyev,
O‘zA