Betakror jang uslubi bilan boks ixlosmandlari mehrini qozongan Bektemir Meliqo‘ziyevni bundan ikki yil muqaddam kutilmagan tarzda mag‘lubiyatga uchratgan meksikalik Gabriel Rosado yana hamyurtimiz bilan jang o‘tkazadi.

O‘zbekiston professional boks federatsiyasi Bektemir Meliqo‘ziyev — Gabriel Rosadoning revansh jangi joriy yil 22 aprel kuni AQSHning Las-Vegas shahrida tashkil etiladigan boks oqshomida ro‘y berishini tasdiqladi.

Aytish lozim, professional boksning eng o‘rta vazn toifasida 12 ta jang o‘tkazib, 11 tasida g‘alabaga erishgan Meliqo‘ziyev yagona mag‘lubiyatini aynan Rosadodan qabul qilib olgandi.

Premier Boxing Championship promouterlik kompaniyasi tomonidan tashkil etilayotgan boks oqshomining markaziy jangi yengil vazn toifasi vakillari Jervonta Devis — Rayan Garsiya o‘rtasida o‘tsa-da, minglab ishqibozlarning diqqat markazidagi jang aynan Meliqo‘ziyev va Rosadoning revansh uchrashuvi bo‘lishi kutilmoqda.

Hamyurtimiz Bektemir Meliqo‘ziyev so‘nggi jangini joriy yil 29 yanvar kuni amerikalik Ulises Serraga qarshi o‘tkazib, muddatidan avval zafar quchgan. Rosado esa oxirgi uchta jangida ringni boshi egik holatda tark etgan.

Eslatib o‘tamiz, Meliqo‘ziyev jangiga qadar professional bokschilarimizdan ikkinchi eng yengil vaznda WBA va IBF yo‘nalishlarida jahon chempioni Murodjon Ahmadaliyev va eng yarim o‘rta vaznda jang olib borayotgan Isroil Madrimov 9 aprel tongida San-Antonio (AQSH)da ringga ko‘tariladi.

Ahmadaliyev IBF yo‘nalishida majburiy raqib filippinlik Marlon Tapalesga, Madrimov amerikalik Rafael Igbokvega ro‘baro‘ keladi.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA