Chernogoriyada bo‘lib o‘tayotgan prezident saylovining ikkinchi bosqichida “Yevropa ayni payt” partiyasi nomzodi Yakov Milatovich g‘alaba qozondi. U 60 foiz saylovchi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Eslatib o‘tamiz, ikki hafta oldin birinchi bosqichda da’vogarlardan hech biri yetarli ovoz to‘play olmagandi.
“Euronews” yozishicha, aholisi 620 ming kishini tashkil etadigan Chernogoriyada 540 ming kishi ovoz berish huquqiga ega.
Milatovich 2020 yil dekabrdan 2022 yil aprelgacha iqtisodiyot va iqtisodiy rivojlanish vaziri lavozimiga egalik qilgan. O‘sha yillari “Yevropa ayni payt” partiyasi ta’sis etuvchisiga aylandi. G‘alabadan so‘ng tarafdorlari oldida nutq so‘zlagan Milatovich kelgusi besh yil ichida Chernogoriya Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishiga ishonch bildirdi. Mamlakat 2008 yil YeIga nomzod maqomini olgan.
Shunday qilib, Milatovich Yugoslaviya parchalana boshlanganidan beri 30 yildan ziyod vaqt mobaynida hokimiyat tepasida bo‘lgan Milo Jukanovich o‘rnini egallaydi. Jukanovich prezidentlik vazifasini 21 mayga qadar davom ettiradi.
G.Abdullayeva, O‘zA