Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron 5-7 aprel kunlari Xitoyga davlat tashrifi bilan keladi. Bu haqda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Xua Chunin ma’lum qildi.
“Xitoy Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron 5-7 aprel kunlari Xitoyga davlat tashrifi bilan keladi”, deyiladi, shuningdek, TIV saytida.
“France-Presse” o‘tgan hafta oxiridagi xabarida Makron Xitoyga safar chog‘ida XXR rahbariyati bilan Ukrainadagi vaziyatni muhokama qilish va Pekinni Rossiyaga harbiy yordamidan ogohlantirishi kutilayotgani haqida yozgan edi.
Agentlik, shuningdek, Makron koronovirus pandemiyasi sababli uzoq vaqt davomida yuzma-yuz aloqa qilmaganidan keyin munosabatlarni tiklashga intilayotganini qayd etgan edi.
Makron va Szinpin oxirgi marta Indoneziyadagi “G20” sammiti doirasida uchrashishgan va Fransiya davlat rahbarining Pekinga so‘nggi tashrifi 2018 yilning yanvar oyida bo‘lib o‘tgan edi.
Shuningdek, Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen ham shu kunlari Xitoyga tashrif bilan keladi, deb ma’lum qildi XXR TIV rasmiy vakili Mao Nin.
O‘zA