Italiya chempionati (A Seriya) 28-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Ushbu turda «Spetsiya» o‘z maydonida «Salernitana»ni qabul qilib, Eldor Shomurodovning goli evaziga mag‘lubiyatdan qutulib qoldi.
O‘zbekiston terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov ayni paytda “Spetsiya” safida ijara asosida to‘p surmoqda.
Uchrashuv 1:1 hisobida durang natija bilan yakunlandi. Ikki gol ham “Spetsiya” futbolchilari tomonidan kiritildi. 44-daqiqada «Spetsiya» vakili Kaldara raqib hujumini qaytarishda xatolikka yo‘l qo‘yib, kutilmaganda to‘pni o‘z jamoasi darvozasiga kiritib qo‘ydi – 0:1.
Ikkinchi bo‘lim “Spetsiya” jamoasi ustunligida o‘tdi. Ketma-ket uyushtirilgan hujumlar 70 -daqiqada o‘z samarasini berdi. Eldor Shomurodov hisobni tenglashtirdi – 1:1. Ahamiyatlisi, Shomurodov bu mavsum nafaqat “Spetsiya”, balki Italiya chempionatidagi ilk goliga mualliflik qildi.
Eslatib o‘tamiz, sentyabr oyida Eldor Shomurodov “Roma” tarkibida raqib darvozasini ishg‘ol qilgandi. Ushbu gol Yevropa ligasi doirasidagi bellashuvda kiritilgandi.
O‘zA