Turkiya Buyuk Millat Majlisi (parlamenti) Finlyandiyaning NATOga kirishi haqidagi protokolni ratifikatsiya qilish qonun loyihasini ma’qulladi. Ovoz berish payshanba kuni parlamentning yalpi majlisida bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi “Anadolu” agentligi.

Sessiyada qatnashgan barcha 276 nafar deputat qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladi.  

Shunday qilib, Finlyandiya Ittifoqqa kirish uchun to‘liq qonuniy asosga ega bo‘ldi.

Turkiya shu paytgacha Xelsinkining Alyansga qo‘shilishini ma’qullamagan NATOning oxirgi a’zosi edi.

Undan avval Vengriya 27 mart kuni Finlyandiyaning tegishli hujjatini ratifikatsiya qilgan edi.

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg ijtimoiy tarmoqlardagi o‘z sahifasida “Finlyandiyaning Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shilishi uchun ratifakatsiya jarayonini yakunlagan Turkiya parlamentini olqishlayman”, deb yozdi.

Bosh kotib, shuningdek, Finlyandiyaning qo‘shilishi Ittifoqni “kuchliroq va xavfsizroq” qilishini ta’kidladi.

 

O‘zA