Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an 27 aprelda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin mamlakatiga tashrif buyurishi mumkinligini ma’lum qildi. Avvalroq u aynan shu kuni Mersindagi “Akkuyu” atom elektr stansiyasiga yadro yoqilg‘isi yetkazib berish rejalashtirilganini aytgandi.
— 27 aprelda, balki, janob Putin ham keladi yoki biz onlayn bog‘lanib, birinchi qadamni qo‘yamiz, degan umiddaman, — dedi Erdog‘an “A Haber” telekanaliga bergan intervyusida.
“RIA Novosti” yozishicha, Turkiyadagi “Akkuyu” AES qurilishi maydonchasiga yadro yonilg‘isi yetkazib beriladi va o‘sha yerdagi yangi yonilg‘i saqlash manziliga joylashtiriladi. Yonilg‘i yetkazib berilgan ondan boshlab “Akkuyu” yadroviy inshootga, Turkiya esa atom energetikasi mavjud mamlakatga aylanadi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya ishtirokida qurilayotgan mazkur majmua Turkiyadagi birinchi atom elektr stansiyasi. Inshootning 4 blogi Rossiyaning ilg‘or “VVER-1200” reaktorlari bilan jihozlanadi. Ushbu uskunalarning hammasi ishga tushgach, stansiya yiliga 35 milliard kilovatt-soatga yaqin elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bu miqdor mamlakatning elektr energiyasiga bo‘lgan 10 foiz ehtiyojini qoplashi ko‘zda tutilgan. E’tiborlisi, qiymati, taxminan, 20 milliard dollarni tashkil qiladigan bu g‘oya global yadro sanoatida “qur – o‘z – o‘zlashtir” modeli bo‘yicha amalga oshirilayotgan ilk loyiha. Qolaversa, “Akkuyu” yadro sanoatidagi har qanday zamonaviy xalqaro xavfsizlik talabiga javob beradi.
AESning birinchi energiya bloki qurilishi 2018 yil aprelda, ikkinchisi 2020 yil aprelda, uchinchisi 2021 yil martda, to‘rtinchisi 2022 yil iyulda boshlangan.
O‘zA