Xorij matbuoti O‘zbekiston haqida

Qayta tiklanuvchi energiya va barqaror rivojlanish bo‘yicha trening, konsalting va media xizmati taklif qiluvchi “solarabic.com” nashrida “Saudiya Arabistoni: “ACWA Power” O‘zbekistonda quyosh elektr stansiyasi qurish va akkumulyator energiyasi saqlash loyihalarini amalga oshiradi” sarlavhali maqola e’lon qilindi.

“ACWA Power” kompaniyasi Milliy elektr tarmog‘i hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan investitsiya bitimi imzolagani batafsil yoritilgan maqolada yashil loyihalar to‘g‘risidagi kelishuvlarga ham e’tibor qaratilgan, Toshkent va Samarqandda quyosh energiyasi ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan uchta loyiha, Toshkent, Samarqand va Buxoroda akkumulyator energiyasi saqlash bo‘yicha uch tizim ishlab chiqilishi ta’kidlangan.

Quyosh fotoelektr stansiyalarining umumiy quvvati 1.4 GVt, akkumulyatorli energiya saqlash tizimi quvvati esa 1500 MVt/soat ekaniga urg‘u berilgan.

Muallif “ACWA Power” direktorlar kengashi raisi Muhammad Abunayyandan shunday iqtibos keltiradi: Toshkentda 400 megavatt quvvatga ega quyosh elektr stansiyasi va 500 megavattli akkumulyator energiyasi saqlash tizimi loyihalashtirilgan. Har bir g‘oyaga qo‘shimcha ravishda 500 MVt quvvatli ikkita quyosh energiyasi loyihasi kiritilgan. Shuningdek, Samarqandda har bir loyiha uchun 500 MVt/soat quvvatga ega akkumulyator energiyasi saqlash tizimini ishlab chiqamiz. Buxoroda elektr energiyasini tarmoqqa o‘tkazishga yordam beradigan havo uzatish liniyasini o‘z ichiga olgan yana bir shunday tizim vujudga keladi.

O‘zbekistonning kam uglerodli iqtisodiyotga o‘tish maqsadiga qaratilgan mazkur yashil loyihalar 2030 yilgacha 35 foiz elektr energiyasini qayta tiklanadigan manbalardan ishlab chiqarish, shuningdek, har yili 16 millionga yaqin karbonat angidrid chiqindisini kamaytirishga xizmat qiladi.

Batareya energiyasini saqlash tizimi tarmoqni barqarorlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan uzilish oqibatini yumshatishga yordam beradi. Ushbu tizimlar, shuningdek, yuqori samaradorlik davrida ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasini saqlash va kam ishlab chiqarish davrida foydalanish imkonini beradi. Bu elektr tarmoqlarini barqaror va ishonchli ta’minlaydi, energiyaga talabni to‘liq qondirishga ko‘maklashadi.

“ACWA Power” kompaniyasining yashil vodorod, yashil ammiak va toza energiya sohasidagi tajribasi O‘zbekiston taraqqiyotiga xizmat qilishi shubhasiz. So‘nggi batareya quvvatini saqlash tizimi loyihasi esa hamkorlarimizning mamlakat energetika landshaftini o‘zgartirishga sodiqligining yorqin dalilidir.

Muharrama Pirmatova, O‘zA