PMTI tahliliga ko‘ra, 2018-2022 yillarda mamlakatimizning 8 ta viloyatida jadal iqtisodiy o‘sish ta’minlangan. Bunday natija keyingi yillarda amalga oshirilgan islohotlar bilan bog‘liqdir.

2021-2022 yillarda Andijon, Toshkent, Navoiy viloyatlarida pandemiyadan keyingi davrda qisqa muddatda iqtisodiy rivojlanishda barqarorlik ta’minlandi. Tayyor to‘qimachilik mahsulotlari va kiyim-kechak, rezina va plastmassa, qurilish materiallari ishlab chiqarish quvvatlarining kengayishi hamda o‘rta yuqori texnologiyali faoliyat tufayli Namangan, Farg‘ona, Jizzax viloyatlarining iqtisodiy o‘sishida sezilarli natijalarga erishildi.

O‘rganishlarga ko‘ra, Andijon, Navoiy, Namangan, Sirdaryo, Toshkent viloyatlarida YAHM o‘sishini ta’minlashda sanoat sektori sezilarli ahamiyatga ega bo‘ldi. Buxoro, Jizzax viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasida YAHMning o‘sishida qishloq xo‘jaligi o‘z ustunligini saqlab kelmoqda. Xorazm, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo, Farg‘ona viloyatlarida YAHM o‘sishini ta’minlashda xizmat ko‘rsatish sohasi yetakchi tarmoq sifatida qayd etildi.

Umuman olganda, Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasida milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlashning maqsadlaridan biri sifatida hududiy iqtisodiyot hajmini 1,4-1,6 baravarga oshirish belgilangan. Bu esa o‘z navbatida, hududlarning mutanosib rivojlanishini ta’minlash, shahar va tumanlarning rivojlanishini rag‘batlantirish, urbanizatsiya siyosatini takomillashtirish hamda mahalla institutini yanada kuchaytirish chora-tadbirlarini amalga oshirishni taqazo etadi.

O‘zA