Bugun, 29 mart kuni Qozog‘iston Majilisi (quyi palata) birinchi sessiyasi ish boshlaydi. Respublika Konstitutsiyasiga ko‘ra, hukumat yangi saylangan Majilisiga qadar iste’foga chiqishi kerak. Amaldagi Vazirlar Mahkamasi yangi hukumat tasdiqlanmaguncha faoliyatini davom ettiradi. Bu haqda “Kazinform” agentligi xabar berdi.
Sessiyaning ochilishida Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev so‘zga chiqishi kutilmoqda. Avvalroq davlat rahbari parlament va mahalliy vakillik organlariga bo‘lib o‘tadigan saylovlar “hokimiyat institutlarini yangilashning so‘nggi bosqichi” bo‘lib, “keng qamrovli islohotlarni davom ettirish uchun ishonch mandatini olishini” aytgan edi.
Toqayev saylovdan keyin “qator yangi tashabbuslarni ilgari surishi to‘g‘risida” gapirgan edi.
Majilis ochilishidan keyin bo‘lib o‘tadigan birinchi yalpi majlisda deputatlar qasamyod qilishi rejalangan. Parlament a’zolari quyi palata spikeri va uning o‘rinbosarlarini, shuningdek, qonun chiqaruvchi hokimiyat doimiy qo‘mitalarining raislarini saylashlari kerak.
19 mart kuni 98 deputatdan iborat parlamentga muddatidan oldin saylovlar bo‘lib o‘tgan edi. Aralash saylov tizimida deputatlarning uchdan ikki qismi (69 kishi) partiya ro‘yxati bo‘yicha, uchdan bir qismi (29 kishi) bir mandatli saylov okruglaridan saylangan.
O‘zA