Misr Arab Respublikasida chop etiladigan “Jumhuriya” gazetasida e’lon qilingan “O‘zbekistonda yangi poytaxt” sarlavhali maqolada yangi Toshkent shaharchasini qurish va shu haqdagi qarorning afzalligi to‘g‘risida atroflicha fikr yuritilgan.

O‘quvchi e’tibori Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qohiraga rasmiy tashrifidan bir oy o‘tib, davlat muassasalari xodimlari, jamoat arboblari, mashhur kishilar, ziyolilar va yoshlar ishtirokida Yangi Toshkent shahri kurilishiga tamal toshi qo‘ygani va poytaxt istiqbolini belgilashda uzoqni o‘ylash, shaharni barqaror rivojlantirish, yaqin 15-20 yilga mo‘ljallangan reja tuzish zarurligini ta’kidlaganiga qaratilgan.

– O‘zbekiston rahbari xalqaro mutaxassislar fikr-mulohazasini inobatga olib, chuqur o‘ylangan urbanizatsiya siyosati aholi turmush sharoiti, iqtisodiy taraqqiyot, odamlar kayfiyati va xalq yashash tarziga sezilarli ta’sir ko‘rsatishini qayd etdi, – deb yozadi gazeta. – 2045 yilgacha mo‘ljallangan Toshkent shahri bosh rejasi loyihasida aholi uchun qulay shart-sharoit yaratish, yangi bunyodkorlikni shahar tashqarisida amalga oshirish, atrof-muhit tozaligini ta’minlash va Toshkent me’moriy qiyofasini asrash ko‘zda tutilgan.

Muallif bir necha yil avval Indoneziyada Jakartaga muqobil yangi poytaxt paydo bo‘lishini e’lon qilgani, shuningdek, Qozog‘istonda Ostona shahri qurilib, dunyodagi zamonaviy poytaxtlardan biriga aylanganini ham misol keltirgan.

O‘zA