Yettinchi chaqiriq Turkmaniston Majlisi (parlamenti) deputatlari saylovida fuqarolar ovoz berish jarayonida yuqori faollik koʻrsatishdi. Bu haqda Saylov va referendumlar boʻyicha komissiya matbuot xizmati xabar berdi. Maʼlumotga koʻra, saylovchilar ishtiroki 91.12 foizni tashkil etgan.

Aholisi olti million ikki yuz ming boʻlgan mamlakatda uch million 496 ming 475 saylovchi roʻyxatga olingan edi. Ular 2 602 uchastkada ovoz berishdi. Mamlakatning xorijdagi vakolatxonalari huzurida 42 ta saylov uchastkasi tashkil etildi.

Komissiya raisi oʻrinbosari Amangeldi Gandimov taʼkidlaganidek, Turkmaniston qonunchiligida ishtirok boʻyicha chegara belgilanmagan. Yaʼni, necha kishi qatnashishidan qatʼi nazar, saylov oʻtkazilgan, deb hisoblanadi.

2018-yilgi parlament saylovida ovoz berish koʻrsatkichi 91.75 foizga teng boʻlgan.

Majlisdagi 125 deputat oʻrni uchun 258 nomzod kurash olib bordi. Bu mamlakatda bir palatali parlament tizimiga qaytilgandan keyingi birinchi saylov.

Shu kuni viloyatlar, poytaxt Ashxobod, shahar, tuman va mahalliy oʻzini oʻzi boshqarish organlariga ham saylov boʻlib oʻtdi.

OʻzA