Turkmanistonda 26 mart kuni bo‘lib o‘tadigan navbatdagi Majlis (parlament) saylovlari oldidan bugun, shanba kuni sukunat kuni boshlandi, deb xabar berdi Turkmaniston davlat televideniyesi.
25 martdan siyosiy kuchlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan har qanday tashviqot ishlari olib borish taqiqlanadi. Shu bilan birga, saylov uchastkalari binolaridan tashqarida joylashtirilgan tashviqotdan bosma materiallari (varaqalar, plakatlar va boshqalar) ovoz berish kuni ham o‘z o‘rnida qoladi.
Saylovoldi davrda barcha nomzodlarga ommaviy axborot vositalarida o‘z dasturlarini targ‘ib qilish imkoni berildi. Ular davlat televideniyesi va radiosidan bepul efir vaqtidan foydalanish huquqiga ega bo‘ldilar. Kunlik bepul efir vaqti bir soatdan oshmagan.
26 mart kuni mamlakat fuqarolari Turkmaniston parlamentining 125 nafar deputatini saylashi kerak.
Turkmaniston Saylov va referendumlar komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, 258 nafar nomzod ro‘yxatga olingan, ularning barchasi siyosiy partiyalar vakillari hamda mustaqil guruhlar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlardir.
Shu kuni viloyat, rayon, shahar xalq kengashlari va mahalliy o‘zini-o‘zi boshqarish organlari deputatlari ham saylanadi.
Mamlakatda uch million 496 ming 475 saylovchi ro‘yxatga olingan.
O‘zA