Jumadan jumagacha

Xitoy yetakchisi Si Szinpinning Rossiyaga tashrifi, Prezident Vladimir Putin bilan uzundan-uzun suhbati xususida siyosatchilar hali ancha vaqt bahs yuritishadi. Birinchi kun to‘rt soatdan oshiq yakkama-yakka, yopiq eshiklar ortida, ertasiga yana olti yarim soatlik muzokara…

Rosa o‘n oldin ham janob Si Xitoy rahbari etib saylangach, ilk tashrifini Rossiyaga amalga oshirgan. Shu davrda qancha suv oqdi: Qrim anneksiyasi, Ukraina nizosi, Xalqaro jinoiy sud hukmi…

Uch kunlik Moskva safari davomida ikki davlat rahbari bir-biriga iltifot bilan “hurmatli do‘stim”, deya murojaat qilganiga bir necha bor guvoh bo‘lindi.

Matbuotdan ular mintaqa va xalqaro miqyosdagi qator masalalarni muhokama qilishgani, Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi “strategik hamkorlik”ning muhimligini ta’kidlashganini bilib oldik. Yetakchilar, shuningdek, Ukraina ziddiyati bo‘yicha XXR “tinchlik rejasi” to‘g‘risida fikr almashgan.

O‘zaro munosabatni mustahkamlashga alohida e’tibor berilgan. Si va Putin “tashqi kuchlarning mamlakatlar ichki ishiga aralashuvi chog‘ida birgalikda qarshilik ko‘rsatish” muhimligini qayd etishdi.

Ekspertlar mazkur juftlik “cheksiz hamkorlik”ni chuqurlashtirishga erishganini ta’kidlashdi. Pekin uchun ichki va xalqaro strategik manfaat himoyasi yo‘lida Moskva bilan do‘stlik zarur, deb baholashdi.

“Sinxua” XXR savdo, investitsiya, logistika, energetika va innovatsiya sohalarida Rossiya bilan hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanini yozdi.

Bu galgi tashrif ikki davlat rivojlanish sur’atiga muqarrar ijobiy o‘zgarish kiritdi, deb hisoblayapti tahlilchilar. Moskva iqtisodiy va siyosiy jihatdan Pekinga tobora ko‘proq ehtiyoj sezmoqda. Xitoy ham qo‘shni davlatga ko‘mak berishga qarshi emas.

Xitoylik tahlilchilar fikricha, XXR tinchlikparvar imijini saqlab qolmoqchi, ammo Rossiya tarafini olayotgani ham ayon. Pekin Moskvani o‘zidan uzoqlashtirishni istamaydi va muayyan muddatgacha qo‘llashga tayyor.

Muzokara chog‘ida Putin Pekin rejasini tinchlik yo‘lida asos qilib olish mumkin, dedi. Bu Moskva tinchlik muzokarasiga roziligini anglatadi.

Aksariyat ekspertlar ziddiyat Rossiya qo‘shinlari Ukrainadan chiqib ketguncha davom etadi, degan fikrda. Rus va Chin tashviqotchilari AQSH va ittifoqchilarni “olov purkovchi”, Xitoyni esa “barcha imkonini ishga solayotgan insonparvar vositachi” sifatida ta’riflashadi.

Boshqa toifa tahlilchilar Xitoyning Rossiyaga yon berishi bilan xalqaro darajadagi obro‘si tushib ketishidan xavotirlanishadi. Vositachilik rolini jahon hamjamiyati qabul qilsa-da, AQSH va ittifoqchilar bundan norozi.

Davlat kotibi Entoni Blinken mazkur uchrashuvni sharhlab, Pekinni Ukraina ziddiyati tufayli Moskva javobgarlikka tortilishini istamaganlikda ayblab chiqdi.

Xitoy ikki hafta avval Eron va Saudiya Arabistonini yarashtirib qo‘ygani ham eslandi. Rossiya bilan aloqani mustahkamlab, AQSHdan mustaqil ravishda o‘zining dunyoda yirik siyosiy o‘yinchi imijini shakllantirayotgani qayd etildi.

Tinchlikparvarlik roli haqida gap ketganda, Pekinning Ukraina inqirozini to‘xtatishga intilmayotgani ta’kidlanadi. Xitoyning maqsadi hozirgi Rossiya rejimini saqlab qolish, deydi ayrim ekspertlar.

Putin ketib, o‘rniga g‘arbparast bir yetakchi kelishi Xitoyning bor rejasini chippakka chiqarishi mumkin. Qolaversa, Pekin hozirgi ziddiyat bundan-da kuchayishini istamaydi.

Pekin mojaro davom etayotganiga xotirjam boqishga majbur, deydi ekspertlar. Rossiyaning nigohi esa doim Xitoyda bo‘lmog‘i kerak…

Farazimizcha, yaqin kunlarda Jo Bayden bilan bo‘ladigan telefon muloqotida mulohazali savollarga aniq javob olinadi…

Fransiyada pensiya islohoti…

Во Франции сотni тысяч человек вышли на митинг против пенсионной реформы -  Arbat.media

21 mart kuni Fransiyada Konstutsiyaviy sudga tasdiqlash uchun yuborilgan pensiya islohoti loyihasi siyosiy inqirozni yana kuchaytirdi. Yil boshidan davom etayotgan norozilik, ish tashlashga yashirin manifestatsiya qo‘shildi. Prezident Makronning reytingi keskin tushib ketdi. Bu islohot loyihasi YeI tomonidan tiqishtirilgan, degan iddao ham yangramoqda.

2017 yil dastlabki saylov oldi kampaniyasida Makron pensiya yoshini ko‘tarmaslikka va’da bergan. Ikki yil o‘tib, shu mazmundagi birinchi loyiha e’lon qilingan…

2018 yil oxirida “yashil kamzullilar” harakati boshlandi. COVID-19 yuzaga kelishi islohotni biroz ortga surdi.

Pensiya tizimini o‘zgartirish harakati joriy yil yanvar oyida qayta tiklandi. Parlament quyi palatasi – Milliy assambleya va Senatda muhokama avjiga chiqdi. Biror natija chiqmagach, Bosh vazir Elizabet Born 15 martda Konstitutsiyaga tayanib, parlamentni chetlab hukumat qarori bilan pensiya islohotini tasdiqladi.

Bir tomondan noqonuniy ishga qo‘l urilmadi, Bosh qomusga muvofiq ish ko‘rildi. Ikki palata bundan norozi. Kasaba uyushmalari 2.5-3.5 million kishini ko‘chaga olib chiqdi.

17-20 mart kunlari politsiya bilan to‘qnashuv natijasida besh yuzdan ziyod odam qo‘lga olindi. Avvaliga hokimiyat va jamiyat muloqotiga rozilik bergan Makron, keyinchalik qaroridan qaytdi, kasaba uyushmalari rahbarlari bilan uchrashishdan voz kechdi.

Beshinchi respublikaning “oxir-oqibat xalq islohotga ko‘nadi”, degan xom cho‘ti to‘g‘ri chiqmadi. Prezident davlatni avtoritar tarzda boshqarishga qarshi chiqqani xotirlandi. Yarmi muxolifatdan iborat parlament bir yilda uch marta hukumatga ishonchsizlik bildirishga urindi.

Birinchisida Milliy assambleyadagi so‘lchilar birlashgan “NUPES”, ikkinchisida “Milliy birlashuv” fraksiyasi tashabbus ko‘rsatdi. So‘nggisini parlamentdagi kichik “LIOT” guruhi taklif etdi. Bu jamoaga Prezidentga sodiq “Respublikachilar” partiyasi ayrim deputatlari ham qo‘shildi. 20 martda ishonchsizlik e’lon qilish uchun atigi to‘qqiz ovoz yetmadi.

Sobiq Prezidentlar Fransua Mitteran, Nikolya Sarkozi, Fransua Ollandga iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatchi bo‘lgan, Makron bilan xizmatini davom ettirayotgan iqtisodchi Jak Attali ham to‘lib-toshdi – hukumatga qarshi chiqdi.

Norozilik va inqiroz sababi taxmin qilinadi. Pensiya yoshi 62 dan 64 ga chiqyapti. 25 foiz fransuzlarning o‘rtacha umri 62 yosh. Mehnatkashlarning atigi 50 foizi 61 yoshga to‘lganda ish qobiliyatini saqlab qoladi.

Born loyihani tuzuk-quruq asoslab berolmadi.

Mamlakatda energetika sohasidagi va iqtisodiy inqiroz yetmagandek, Ukrainaga harbiy va moliyaviy yordam berish ko‘lami oshib bormoqda. Buning ustiga ukrainalik qochoqlarni boqish…

Parlamentning hukumatga, umuman, demokratik tizimga ishonchi butkul yo‘qoldi. Parlamentarizmning ko‘p asrlik an’anasiga sodiq qolib, fransuzlar ovoz berish jarayoniga mas’uliyat bilan yondashadilar. Pensiya islohotida bu tamoyil buzildi.

Ayrim tahlilchilar Fransiyaning tashqi siyosiy qarashida qarama-qarshilik borligini aytishdi. Masalan, Parij ko‘chalarida o‘z fuqarolarini bostirishga harakat qilar ekan, Gruziya hukumatining bu amalini  qo‘llab-quvvatladi…

Pensiya islohoti “dushmanlari” tasdiqlash uchun yuborilgan mazkur hujjat Fransiya Asosiy qonuniga muvofiq kelmasligi isbotlanadi, deb umid bildirmoqda.

Muxolifat islohot loyihasini umumxalq referendumiga chiqarishni taklif qilmoqda.

Kasaba uyushmalari esa norozilik namoyishi o‘tkazishni davom ettirish niyatida…

Eronning yadro muzokaralari…

ядерная программа ирана картинки: 2 тыс изображеniй найдено в Яндекс  Картинках

Eronning “Mehr News Agency” agentligi o‘z manbalariga tayanib, o‘tgan hafta EIR tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ali Bageriy Kaniy Osloda Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya TIV vakillari bilan uchrashgani haqidagi xabarni tarqatdi. Ekspertlar YeI tashqi siyosat xizmati rahbari o‘rinbosari Enrike Mora ham qatnashgan muzokarada AQSHning EIR bo‘yicha maxsus vakili Robert Melli ishtirok etmaganiga e’tibor qaratishdi.

Eron matbuoti muloqot “og‘ir” kechganini yozdi. “The Wall Street Journal” yevropalik diplomatlarga tayanib, yadro dasturi bo‘yicha Keng qamrovli harakat rejasini saqlab qolish mumkinligiga ishora qildi.

Odatda YeIga kirmagan Norvegiyada bunday muzokaralar o‘tkazilmaydi.

Matbuot xabarlarida bundan bir necha hafta oldin ham Osloda shunga o‘xshash uchrashuv tashkil etilgani uchraydi. Vashington bilan kelishilmagan, Xitoy va Rossiya chetlab o‘tilgan tadbirda yevropaliklar Eron tomoniga o‘zlari tayyorlagan bitim loyihasini taklif qilgan, deya taxmin qilinadi.

Tehron ayrim arab davlatlari vositachiligida AQSH bilan yashirin muzokara olib borayotgani to‘g‘risida xabarlar bor. Demak, EIR ham Amerika ham Yevropa vakillari bilan ko‘rishyapti.

Avvaldan ma’lumki, Eron Rossiya bilan ham, Xitoy bilan ham ayni mavzuni ancha vaqtdan beri muhokama qilib keladi. Albatta, Tehron o‘ziga ma’qul ishni qiladi. Bu shov-shuv ko‘tarishga arzimaydi, ammo ekspertlar kuchli “sirli kurash” yuzaga kelganini urg‘ulashyapti.

Mutaxassislar nazarida 2003 yildagi formatga qaytilgan, ya’ni mazkur davlatlar EIR yadro dasturi bo‘yicha muloqotni boshlagan. Ikki yildan keyin AQSH, Rossiya va Xitoy qo‘shilishi hisobiga muzokarachilar safi oltitaga kengaygan.

Tahlilchilar ta’kidlashicha, okean orti davlatining turli nayranglari natijasida bu formatdagi muzokara to‘xtaydi. Muloqotni qayta tiklashga urinish samarasiz yakunlanaveradi.

G‘arblik siyosatchilarning Eron o‘z o‘yinini davom ettirib, endi Yevropa davlatlari bilan uchrashishni boshlab yubordi, deya chiqargan xulosasini EIR TIV vakili Nosir Qanoniy rad etib chiqdi. Uning bayonotiga ko‘ra, Tehron uchun “oltilik” bilan muzokara olib borish ma’qul.

Eron Saudiya Arabistoni bilan diplomatik munosabatni tiklagandan keyin arab dunyosi bilan aloqani qayta ko‘rib chiqmoqchi. Shu munosabat bilan yil oxiriga qadar Fors ko‘rfaziga kiruvchi arab davlatlari bilan sammit o‘tkazish rejalanmoqda. Bu ham balki yadro muammosini hal etishga yo‘l ochar…

Rus ekspertlari “Lavrov rejasi” nomli taklif mazkur muammoni hal qilishning eng maqbul yo‘li, deb bilishadi. Lavrov g‘oyasiga ko‘ra, EIR MAGATE talabini bajarib, yadro dasturi bilan bog‘liq har qanday amalni “muzlatadi”. Keyingi bosqichda BMT Xavfsizlik kengashi kiritgan sanksiya bekor qilinadi.

Tehronning bu variantga ko‘nishi qiyin, albatta. Nazariy jihatdan taklifni amalga oshirish yengil ko‘ringani bilan, vaziyat aslida boshqacha…

Tahlilchilar EIR tashabbusni qo‘liga olib, AQSH va Yevropani bu “o‘yin”dan chiqarib tashlamoqchi, deyishmoqda. Binobarin, G‘arb ham osonlikcha “jon beradiganlar” xilidan emas.

Yana muallaq qolgan muammoni vaqt hukmiga qoldirishdan boshqa iloj yo‘q…

Buguncha shu.

Kelasi jumada xabarlashguncha!

Abror G‘ulomov,

O‘zA siyosiy sharhlovchisi