O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 mart kuni Anqara shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining favqulodda vaziyatlarni boshqarish va gumanitar yordam ko‘rsatish borasida ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sammiti nutq so‘zladi.

–Do‘stlarimiz diyorida yuz bergan, misli ko‘rilmagan halokatli zilzila barchamizning qalbimizga cheksiz qayg‘u va iztirob soldi. Zero, bu mudhish ofat natijasida bizning jondan aziz ota-onalarimiz, aka-ukalarimiz, opa-singillarimiz va farzandlarimiz qurbon bo‘ldi va jabrlandi. Bu yo‘qotishning o‘rnini hech narsa bilan to‘ldirib bo‘lmaydi.

Ta’kidlash joizki, birodar xalqlarimiz ming yillar davomida turli murakkab vaziyat va muammolarni o‘zaro ahillik, mehr-oqibat va hamjihatlik bilan mardona yengib o‘tganlar.

O‘zbekiston xalqi do‘stlarimiz boshiga tushgan og‘ir kunlarda “Turkiya, biz sen bilan birgamiz!” deya bir tanu bir jon bo‘lib, turk birodarlarimizga yordamga shoshildi.

Biz mudhish fojiada qurbon bo‘lgan o‘n minglab begunoh kishilar xotirasini hech qachon unutmaymiz.

Ijozatingiz bilan, hayotdan bevaqt ko‘z yumgan barcha insonlarning porloq xotirasiga alohida hurmat bajo keltirish maqsadida har yili 6 fevral sanasini Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida Qurbonlarni xotirlash va birdamlik kuni deb e’lon qilishni taklif etaman,– dedi davlatimiz rahbari.

O‘zA