Professional ta’lim tizimini rivojlantirishga bag‘ishlangan konferensiya

307

Mamlakatimizda YUNESKO Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan “O‘zbekiston qishloq joylarida ishga joylashish ko‘nikmalarini rivojlantirish” loyihasi doirasida O‘zbekistonda Sifatni ta’minlash milliy ramkasini (STMR) shakllantirish bo‘yicha konferensiya o‘tkazildi.

Mazkur konferensiya kasb-hunar ta’limi bo‘yicha milliy yondashuvni o‘rnatishga qaratilgan malakalarni oshirish, bu borada mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etildi.

Tadbir O‘zbekistonda Sifatni ta’minlash milliy ramkasi va uni amalga oshirish metodologiyasi, shu jumladan muassasalarga o‘zlarining ishga bog‘liq bo‘lgan kuchli va yaxshilanishi kerak bo‘lgan tomonlari haqida tushunchaga ega bo‘lish imkonini beruvchi bir yillik o‘zaro baholash dasturi bilan tanishish imkoniyatini berdi. Bundan tashqari, Yevropa ta’lim jamg‘armasi sifatni ta’minlash yondashuvi haqida taqdimot o‘tkazdi.

Konferensiyada professional ta’limda mustahkam sifatni ta’minlash tizimining muhimligi e’tirof etildi. Chunki u malaka oshirish sifatini yaxshilaydi, davlatlar bo‘ylab ko‘nikmalarning shaffofligi va taqqoslanishiga yordam beradi, o‘zaro ishonchni mustahkamlaydi, ishchilar va o‘quvchilarning harakatchanligini osonlashtiradi va umrbod ta’limni qo‘llab-quvvatlaydi. Uning asosiy g‘oyasi sifat nazorati madaniyatidan malaka oshirish sifatini doimiy ravishda oshirish amaliyotiga o‘tishdir.

– Xalqaro hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan loyihalarning barchasi professional ta’lim tizimini rivojlantirish uchun Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Bunda asosiy urg‘uni ta’lim sifatini ta’minlashga berish, kelgusida yoshlarni daromad qilishlari uchun zarur bo‘ladigan ko‘nikmalarga ega bo‘lish imkoniyatlarini oshiradi, – dedi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov.

YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi o‘z so‘zida professional ta’limda sifatni ta’minlashning muhim rolini ta’kidlab o‘tdi. U talabalarga taklif etilayotgan kurslar zamonaviy mehnat bozori talablariga bevosita javob berishini ta’kidladi.

– Sifatni ta’minlash butun dunyo bo‘ylab talabalar izchil va yuqori sifatli ta’lim tajribasini olishlarini ta’minlash orqali ta’limda adolat, shaffoflik va javobgarlikni qo‘llab-quvvatlaydi. Sifatni ta’minlash milliy tizimini joriy etish orqali O‘zbekiston o‘z professional ta’lim dasturlari yaxlitligi va samaradorligini oshirish, shu orqali ta’lim natijalarini yaxshilash va iqtisodiy samaradorlikni oshirish choralarini ko‘rmoqda, – dedi Sara Noshadi.

2020-yildan boshlab YUNESKO Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magida O‘zbekistonda professional ta’limni isloh qilishda yetakchi o‘rinni egallab kelmoqda va hukumatning O‘zbekiston qishloqlarida turmush darajani oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida sifatli professional ta’limdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga e’tibor qaratmoqda.

Loyiha erkaklar va ayollar, ayniqsa, yoshlarning bandligini oshirishga qaratilgan bo‘lsa-da, O‘zbekistonda barqaror, diversifikatsiyalangan va modernizatsiya qilingan qishloq xo‘jaligi va irrigatsiya tarmoqlari ehtiyojlarini qondirish uchun ularni zarur ko‘nikmalar bilan ta’minlashga qaratilgan.

O‘zA