SEL – ijtimoiy-psixologik munosabatlar uchun foydali dastur
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan YUNESKO tashkiloti bilan hamkorlikda o‘qituvchilarning ijtimoiy va hissiy kompetensiyalarini rivojlantirish bo‘yicha kasbiy rivojlanish dasturi (SEL)ga start berildi.
Unda butun respublikamizdan 50 nafardan ortiq ustozlar ishtirok etmoqda.
Ushbu treninglardan ko‘zlangan maqsad o‘qituvchilarga o‘quvchilar bilan ijobiy munosabatlarni rivojlantirish, sinf boshqaruvini yaxshilashga yordam berishdan iborat.
Shu bilan birga, treninglar davomida o‘qituvchilarga qiziqarli va interfaol o‘quv muhitini yaratish uchun raqamli vositalardan foydalanish ko‘nikmalari ustida ishlash rejalashtirilgan.
Aytish kerakki, xalqaro tajribada ko‘nikmalarni rivojlantirishga alohida ahamiyat beriladi. Chunki, o‘qituvchilarning o‘quvchilar bilan munosabatlari ta’lim muhitiga katta ta’sir o‘tkazadi.
Jahon tajribasida SEL ko‘nikmalari tushunchasi ijtimoiy va hissiy o‘rganish yoki kuchli his-tuyg‘ularni boshqarish, munosabatlarni shakllantirish, o‘z-o‘zini anglash, muammolarni hal qilish, mas’uliyatli tanlov qilish va maqsadlar qo‘yish uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni o‘rganish va rivojlantirishni anglatadi. SEL shuningdek, ochiq muloqot, ijtimoiy ong, o‘zgalar muammolarini, dardini tushuna olishdek ko‘nikmalarni kuchaytirishga ham e’tibor qaratadi.
Yana shuni alohida ta’kidlash kerakki, sinfdagi o‘zaro ijobiy munosabatlarni yaxshilash, ustozlar va o‘quvchilar o‘rtasida do‘stlik va tushunish muhitini yaratish ta’lim darajasini oshirishdagi asosiy omillardan biri hisoblanadi.
Ish jarayonida stressni boshqarish, faoliyat samardorligini oshirish uchun ham ustozlarda xissiy va ijtimoiy kompetensiyalarni rivojlantirish juda muhim.
To‘rt kunlik trening davomida mutaxassislar tomonidan ishtirokchilarning mazkur ko‘nikmalarini yaxshilash kabi mavzularda mahorat darslari bo‘lib o‘tadi.
Mashg‘ulotlar ingliz tilida bo‘lib o‘tmoqda. Ishtirokchilar loyihaning keyingi bosqichlarida o‘z bilimlarini boshqa ustozlarga yetkazadilar va o‘zaro tajriba almashadilar.
N.Usmonova,
O‘zA