Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk boshchiligidagi delegatsiya Oliy Majlis Senatiga tashrif buyurdi.

Senat Raisi Tanzila Norboyeva delegatsiya bilan uchrashuvda mamlakatimizda kechayotgan konstitutsiyaviy islohotlar bilan bog‘liq muhim siyosiy-huquqiy jarayonlar xususida to‘xtaldi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasi ikki bosqichda xalqning fikr-mulohazalari, takliflari o‘rganilib, aholining barcha qatlamlari, keng jamoatchilik ishtirokida umumxalq muhokamasi orqali tayyorlandi.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi chog‘ida jami 220 mingdan ortiq taklif kelib tushgani, har to‘rtinchi taklif loyihada o‘z aksini topgani, muhimi, yangilangan Konstitutsiyaning asosiy qismini aynan inson huquqlari va erkinliklariga oid normalar tashkil etgani ta’kidlandi.

Muloqot chog‘ida BMTning inson huquqlari bo‘yicha nizom va shartnomaviy organlari orqali mamlakatlarning xalqaro majburiyatlarini amalga oshirishda parlamentning rolini oshirish masalalari yuzasidan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida fikr almashildi.

Tanzila Norboyeva BMT va uning ixtisoslashgan tuzilmalari bilan hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhim o‘rin tutishi, xususan, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi bilan konstruktiv aloqalarni yanada kengaytirish, xususan parlament a’zolarining inson huquqlari sohasidagi salohiyatini kuchaytirishga qaratilgan  o‘zaro muloqotning manfaatli ekanini ta’kidlab o‘tdi.

Folker Tyurk O‘zbekistonda gender tengligi va ayollar huquqlarini ta’minlash borasida erishilgan natijalarni va hozirda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Oliy komissar O‘zbekistonning mojarolar yuz bergan  zonalardan ayollar va bolalarni qaytarish, ularni jamiyatga reintegratsiya qilish borasidagi sa’y-harakatlariga yuksak baho berib, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar ko‘plab davlatlar uchun namuna ekanini ta’kidlab o‘tdi.

Suhbat chog‘ida xotin-qizlarning jamiyat va davlat hayotidagi  rolini kuchaytirish, ijtimoiy-inklyuziv muhit va fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Konstruktiv va amaliy ruhda o‘tgan uchrashuv yakunida jamiyatda inson huquqlarini yanada ishonchli himoya qilish mexanizmlarini ishga solishga qaratilgan hamkorlikni yanada kuchaytirishga kelishib olindi.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA