Bugun, 15 mart kuni yosh xokkeychilarimiz Mo‘g‘ulistonda davom etayotgan qit’a chempionatining 4-turida Tailand terma jamoasi bilan kuch sinashdi.

Quvonarlisi, uchrashuv davomida hamyurtlarimiz katta ustunlikka ega bo‘ldi. Shaybalar uzatmasida ham, maydonni nazorat qilishda ham tailandliklar imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston – Tailand 10:2.

Mazkur o‘yinda terma jamoamiz darvozaboni Sergey Popov uchrashuvning eng yaxshi sportchisi, deb topildi hamda maxsus sovrin bilan taqdirlandi.

– Osiyo chempionatining 4-turidan keyin hamyurtlarimiz ushbu g‘alabasi tufayli muddatidan avval chempionlikka erishdi. Tailand darvozasiga yo‘llangan shaybalarning 4 tasiga Jasurbek Rustamxonov, 2 tasiga Temur Bagautdinov mualliflik qilgan bo‘lsa, Saidahmad Rahmatullayev, Loren Petrosyan, Muhammaddiyor G‘aniyev, Muhammadali Bahodirov hissasiga bittadan shayba to‘g‘ri keldi, – deydi telefon orqali muloqotda O‘zbekiston xokkey federatsiyasi ijrochi direktori Elbek Mahmudov.

Endi hamyurtlarimiz ertaga, 16 mart kuni Birlashgan Arab Amirliklari jamoasi bilan so‘nggi tur bahslarida ro‘baro‘ keladi.

Eslatib o‘tamiz, qit’aning 6 ta davlat terma jamoalari qatnashayotgan ushbu chempionatda hamyurtlarimiz o‘tgan tur bahslarida Turkmanistonni 5:0, Eronni 14:1, Mo‘g‘ulistonni 7:4 hisobida dog‘da qoldirgan edi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA