O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasini qo‘riqlash va himoya qilish O‘zbekiston Respublikasi milliy xavfsizlik tizimining eng muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Shu bois mazkur sohadagi huquqiy asoslarni zamon talabidan kelib chiqib takomillashtirib borish alohida ahamiyatga ega.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasini qo‘riqlash va himoya qilishni yanada kuchaytirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi.

— Davlat chegarasini qo‘riqlash va himoya qilishni ta’minlash bunga mas’ul bo‘lgan harbiy xizmatchilarning jangovar shayligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan omillarni bartaraf etishni talab etadi, — dedi ma’ruzachi deputat To‘lqin Karimov. — Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchisi, Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi (xodimi) hamda ichki ishlar organi xodimi zimmasiga o‘z burchini bajarayotgan hududda jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va ularga qarshi kurashish vazifasi teng yuklangan.

Ammo Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilarida ayrim vakolatlarning mavjud bo‘lmagani huquqni qo‘llash amaliyotida muammolar keltirib chiqarmoqda. Masalan, Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 225-moddasining birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlarida, ya’ni nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlik yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar ko‘rib chiqish uchun hududiy ichki ishlar organlariga yuborilishi shaxslarning ovoragarchiligiga hamda ortiqcha pul mablag‘larining sarflanishiga sabab bo‘lmoqda.

Bundan tashqari, Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari jangovar shayligiga o‘zining salbiy ta’sirini o‘tkazmoqda. Xususan, ba’zi hududlarda ichki ishlar organlari bo‘linmalari Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari vzvodlaridan taxminan 60-70 km uzoqlikda joylashgan. Qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga Chegara qo‘shinlariga Davlat chegarasini qo‘riqlash va himoya qilish bilan bog‘liq ayrim turdagi ma’muriy huquqbuzarliklarni ko‘rib chiqish, ma’muriy yo‘l bilan ushlab turish, transport vositalarini ushlab turish va ko‘rikdan o‘tkazish vakolatini berish hamda Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilarining qonuniy talablarini bajarmaslik yoki ularning o‘z xizmat burchini bajarishiga qarshilik ko‘rsatganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirishni nazarda tutuvchi tegishli qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Shu bilan birga, Davlat chegarasini qo‘riqlash va himoya qilishda qo‘llaniladigan qo‘riqlashning texnik vositalarini yo‘q qilganlik yoki ularga shikast yetkazganlik uchun javobgarlik belgilanishi nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasi muhokamasida so‘z olgan deputatlar o‘z fikrlarini, takliflarini bayon qildi.

M.Komilova, 
O‘zA