Suv tanqisligi bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelayotgan bir paytda fermer va dehqon xo‘jaliklariga suv yetkazib berish, suv bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish dolzarb ahamiyatga ega.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ayni shu masalaga qaratilgani bilan alohida e’tiborga molik.

– Suv resurslarini boshqarish, ularning hisobi va hisobotini yuritish hamda suv munosabatlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni qonunchiligimizda aks ettirish orqali mazkur jarayon bilan bog‘liq bir xil talqin va yondashuvni shakllantirish zarurati tegishli qonunlarimizga o‘zgartirishlar kiritishni taqozo etmoqda, – dedi deputat A’zamjon To‘laboyev. – Shu maqsadda bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan ushbu qonun loyihasi bilan bir qator qonunlarimizga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Xususan, taklif etilayotgan normalar bilan fermer va dehqon xo‘jaliklariga suv yetkazib berish, suv iste’moli rejalarini belgilash, tomorqa yer uchastkalarini suv bilan ta’minlash bevosita tuman irrigatsiya bo‘limi tomonidan amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Qonun loyihasining qabul qilinishi tuman irrigatsiya bo‘limlari tomonidan fermer, dehqon xo‘jaliklariga suv yetkazib berishda ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini yaxshilash, suv bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish va undan oqilona foydalanishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi moddama-modda muhokama etilib, deputatlar tomonidan qabul qilindi.

M.Komilova, 
O‘zA