Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.

— bugungi kunda eksportbop va yuqori qiymatga ega hisoblangan kavrak xomashyosidan nazoratsiz, rejasiz va noto‘g‘ri foydalanish natijasida dorivor o‘simlik sanalgan kavrak tabiiy tarqalgan maydonlar qisqarib bormoqda, — dedi deputat Sherzod Rahimov. — Ichki va tashqi bozorda kavrakka bo‘lgan talabning yuqoriligi hamda uning shirasini qayta ishlash orqali tayyorlangan xomashyo narxi oshib borayotgani tufayli kavrak o‘simligini madaniy usullarda ko‘paytirish, uni chuqur qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarish jarayonlarini kengaytirish maqsadida kavrak yetishtiruvchi tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish lozim.

Ushbu qonun loyihasida yovvoyi holda o‘suvchi kavrak o‘simligini saqlab qolish va muhofaza qilish samaradorligini oshirish maqsadida Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasiga uning doimiy foydalanishida bo‘lgan yaylov yerlarda kavrakni yig‘ish, g‘amlash va chetga olib chiqish uchun ruxsatnoma berish vakolati berilmoqda. Qonun loyihasining qabul qilinishi bilan respublikaning yaylov yer maydonlarida tabiiy holda o‘suvchi kavrak zaxiralaridan barqaror foydalanish, kavrak plantatsiyalarini tashkil etish, xomashyosini yig‘ish va uni eksport qilish uchun qulay sharoitlar yaratish orqali ushbu sohani rivojlantirishga asos yaratiladi.

Qonun loyihasini moddama-modda ko‘rib chiqish davomida deputatlar bir qator moddalar yuzasidan savol va takliflarini, ayrim e’tirozlarini bildirdilar. O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan kamyob va noyob tojik kavragi o‘simligini saqlab qolish va uni ko‘paytirish muhim ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.

Qizg‘in bahs-munozaralardan so‘ng qonun loyihasini yanada takomillashtirish, ayrim moddalaridagi normalarni aniqlashtirish zarurati mavjudligi bois keyingi majlis muhokamasiga qoldirildi. Mas’ul qo‘mitaga uni takomillashtirish, mutaxassislar ishtirokida puxta ko‘rib chiqish vazifasi topshirildi.

 

M.Komilova,  

O‘zA