Toshkentda kurash bo‘yicha o‘tkazilayotgan “Xalqaro murabbiylik seminari” doirasida Milliy olimpiya qo‘mitasida anjuman tashkil etildi.

Yoshlar siyosati va sport vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi (IKA) vitse-prezidentlari Komil Ro‘ziyev va Sherzodxon Qudratxo‘ja, zamonaviy kurash qonun-qoidalari muallifi, O‘zbekiston kurash federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Komil Yusupov, Xalqaro kurash instituti hamda O‘zbekiston kurash federatsiyasi vakillari ishtirok etgan anjumanda 22 martga qadar davom etadigan seminar murabbiylar malakasini oshirishda muhim omil ekani aytib o‘tildi.

Shuningdek, “Xanchjou-2022” Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik, davlatimiz tomonidan kurash rivojini yangi bosqichga olib chiqish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘z yuritildi.

Xalqaro kurash instituti rektori Habibulla Tojiyev seminar haqida batafsil ma’lumot berib, kurslarda 20 ga yaqin mamlakatdan 40 nafardan ziyod mutaxassis ta’lim olayotgani, seminar erkak va ayol murabbiylar uchun alohida tartibda tashkil etilayotganini bildirdi. Nazariy va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilib, yakunda imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan murabbiylarga “V” toifasidagi sertifikat taqdim etilishi aytildi.

Tadbir yakunida dunyoda milliy sportimiz kurashning ommaviyligini kuchaytirish, murabbiy va hakamlarning mahoratini, xalqaro musobaqalarning saviyasini yanada oshirish masalasi xususida takliflar ilgari surildi.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA